Bayram dasturxoni fayzli boʻladi
Foto: "Xalq soʻzi"
Yangi yil katta-yu, kichik barchamiz orziqib kutadigan bayram, olam-olam yangiliklar, yaxshiliklar, sovgʻa-salomlar ulashish ayyomi. Bayram oldidan xalqimizga kafolatli, arzon narxlarda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish anʼanaga aylangan.
Samarqand viloyatida bu yil yangi yil bayrami arafasida 24 ta hududdagi dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdo yarmarkalari tashkil etildi. Ularning 6 tasi Kattaqoʻrgʻon tumanining Ingichka, Payariqning Nakurt, Nurobodning Jom qishloqlari singari olis manzillarda joylashgan.
Yarmarkalarga asosiy turdagi mahsulotlar bozorlar qoshidagi savdo-xarid qilish korxonalari zaxirasidan, qolganlari fermer xoʻjaliklari hamda tijorat firmalaridan chiqarilmoqda. Har bir mahsulotning bozor qiymatidan arzonroq narxda sotilishi ustidan doimiy nazorat olib borilyapti. Isteʼmolchilarni aldash holatlarining oldini olish uchun rastalarga mahsulot narxlari yozib chiqilgan. Xususan, mol goʻshti 70 ming soʻmgacha, qoʻy goʻshti 75 ming soʻmgacha, tovuq goʻshti 27 ming, tuxum esa 1100 soʻmdan qimmat boʻlmasligi kerak.
Samarqand shahridagi “Siyob dehqon bozori”da tashkil etilgan yarmarka ham kun davomida xaridorlar bilan gavjum. Eʼtiborlisi, bu yerdagi ayrim mahsulotlar belgilangan narxdan ham arzonroq sotilmoqda.
— Mana koʻryapmiz, yarmarkada mol goʻshti 65 ming soʻm, qoʻy goʻshti 70 ming soʻmdan sotilyapti, — deydi fuqaro Kimyo Mamatova. — Boshqa turdagi mahsulotlarning ham imkon qadar arzon narxlarda sotilishi taʼminlangan. Mahsulotlarning sifati ham yaxshi, narxlari ham arzonroq. Dehqon va fermerlarning samimiyati, ochiqligi kishining kayfiyatini koʻtaradi. Bu esa bayram oldi barchaga manzur boʻlmoqda. Tashkilotchilik uchun mutasaddilarga minnatdorlik bildiraman.
Yarmarkada fermerlardan tashqari 30 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari, qandolatchilar ishtirok etayotgani xaridorlarning tanlash imkoniyatini oshirmoqda.
Yarmarkalar 2024-yilning 10-yanvariga qadar davom etadi. Maqsad yangi yil bayrami arafasida va bayram kunlari viloyatdagi barcha shahar hamda tumanlar markazlarida ichki isteʼmol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan qilishga qaratilgan.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring