“Bagʻrikenglik haftaligi” oʻtkaziladi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Yurtimizda turli millat va elat vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat, millatlararo tutuvlik va birdamlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Bagʻrikenglik haftaligi” Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat va din vakillari oʻrtasidagi hamjihatlik, hurmat, bagʻrikenglik gʻoyalarini mustahkamlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.
Termiz shahridagi Matbuot uyida boʻlib oʻtgan anjumanda asosiy tadbirlar Termiz shahri, chegaraoldi tumanlar hududlarida uyushtirilishi haqida atroflicha maʼlumot berildi.
— Viloyatimizda 3 ta noislomiy tashkilot, 4 ta milliy madaniy markaz faoliyat olib boradi, — deydi Surxondaryo viloyati hokimligining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha majmuasi kotibiyati mudiri Rustam Choriyev. — Bu tadbirlar 30 dan ortiq turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirishga, millatlararo totuvlik hamda diniy bagʻrikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Oʻzbekiston — bagʻrikeng diyor” shiori ostida oʻtkaziladigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar doirasida kitoblar koʻrgazmasi, shuningdek, oliy oʻquv yurtlari, umumtaʼlim maktablari, professional kasb-hunar muassasalari va mahallalarda yoshlar vakillari oʻrtasida bagʻrikenglik gʻoyasini keng targʻib qilish maqsadida maxsus oʻquvlar hamda sport musobaqalari uyushtiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring