Ayub alayhissalom Buxoroda boʻlganmi?

09:52 26 Mart 2026 Ilm-fan
433 0

Buxoroning sharif shahar maqomiga ega boʻlishi shubhasiz, buyuk ajdodlarimiz, tarixiy shaxslar va avliyolar bilan bogʻliq. Shunday tabarruk zotlardan biri Qurʼoni Karimda nomi zikr etilgan Ayub alayhissalomdir.

Hazratning Buxoroga kelganligini tasdiqlovchi qator tarixiy manbalar mavjud. Jumladan, Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar Narshaxiyning “Kitob-i axbor-i Buxoro”, Abu Abdulloh Muhammad Sulaymon bin Komil al-Buxoriy al-Varroqning “Buxoro tarixi”, Muhammad Nosiriddin Buxoriyning “Tuhfat az-zoirin”, Ahmad ibn Mahmud Buxoriyning “Tarixi Mullozoda” kitoblarida Hazrat Ayub alayhissalomning bu goʻshaga kelganligi bayon qilingan.

Faqat bitta manba bundan mustasno. Abu Zakariyo Muxyi ad-din ibn Sharaf an-Navaviy oʻzining “Tahzib al- asmoʻ va-l-lugʻot” kitobida Ayub paygʻambarning qabri Buxoroda emasligini aytgan. Abu Zakariyoning asli suriyalik ekanini va u Ayub alayhissalomning qabri shu davlatning Nava qishlogʻidaligi haqida yozib qoldirganini nazarda tutib, oʻtmishda ham tarixchilar oʻrtasida turli bahs-munozaralar boʻlgan, degan xulosaga kelish mumkin. Negaki, 7 ta joy (Oʻzbekiston, Turkiya, Suriya, Ummon, Livan, Qirgʻiziston)da Ayub alayhissalomning qabri borligini koʻrsatuvchi maʼlumotlarni uchratamiz.

Ahmad ibn Mahmud Buxoriyning “Tarixi Mullozoda” kitobi Buxoroda yashab faoliyat yuritgan, shahar va uning atrofidagi qadamjolarda mangu qoʻnim topgan 160 nafar ulamo, tasavvuf shayxlari, sultonlar, sadrlar va qozilar haqida qiziqarli maʼlumotlar beruvchi muhim manba hisoblanadi. Undagi ilk maʼlumotlar Chashmai Ayub maqbarasidan boshlanadi.

Bu kitob mutolaasi jarayonida Bani Isroil paygʻambarlaridan boʻlgan zot Alloh taolodan yer yuzini aylanib chiqish uchun ijozat soʻraganini, safar chogʻida Jayxun (Amudaryo) boʻyiga yetib kelgach, sol yasab, daryoni kechib oʻtgani va Buxoroga kirgani haqidagi maʼlumotga ega boʻlamiz. Buxoro ahli unga izzat – ikrom koʻrsatadi. Oʻz navbatida u ham bu yurt aholisi haqiga “Allohim, ularga va ularning nasllariga baraka ato qil, dushmanlariga qarshi ularga koʻmak ber, fitna-fasodni ulardan yiroq et”, deya duo qiladi.

Muhammad Narshaxiyning 958-yilda yozilgan “Buxoro tarixi” kitobida yozilishicha, Hasan Basriy shunday degan ekanlar: “Ayub paygʻambar alayhissalom Buxoroga kelganlarida, Buxoro ahli uni mehmon sifatida yaxshi qabul qilib oladilar. Ayub alayhissalom ham Buxoro ahli haqiga duoyi barakat tiladi” .

Ayub paygʻambar hayotining Buxoro bilan bogʻliq jihatlari zamondosh tarixchilarni ham befarq qoldirgan emas. Bu oʻrinda Sadriddin Salim Buxoriyning “Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari” asari, tarixchi olim Halim Toʻrayevning “Buxoro tarixi” nomli oʻquv qoʻllanmasini alohida tilga olish mumkin.

Darvoqe, Oʻzbekiston hududida Chashmai Ayub nomi bilan ataluvchi bitta maqbara va bir xazira bor. Bular Buxoro shahridagi XII — XIX asrlarga tegishli Chashmai Ayub maqbarasi hamda Vobkent tumanidagi Hayrabotcha qishlogʻida joylashgan xaziradir. Xaziraning qaysi davrga taalluqligi aniqlanmagan.

Chashmai Ayub maqbara maqomidagi madaniy meros obyekti sanaladi. Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasida maqbara atamasiga biror mayitning jasadi joylashgan meʼmoriy inshoot yoki tosh tobut (dahma, sagʻana)», deya sharh berilgan.

Tarixiy maʼlumotlarga qaraganda, Chashmai Ayub maqbarasi oldidagi chashma ustiga XII asrda Qoraxoniylar hukmdori farmoniga muvofiq gumbaz qurilgan. Ikkinchi gumbaz Sohibqiron Amir Temur amriga koʻra, 1379-yilda bino etilgan. Uchinchi gumbaz esa Shayboniylar davrida bunyod qilingan. Arxeolog, tarixchi olima Y. Nekrasova oʻzining Buxoro vohasi arxitektura yodgorliklariga oid kitobida bu haqida qimmatli maʼlumotlar bergan.

Yurtimiz mustaqillikka erishgach, Chashmai Ayub maqbarasi “Buxoro suv taʼminoti tarixi” muzeyiga aylantirildi. Bu yerda Ayub paygʻambar bilan bogʻliq tarixiy eksponatlar bor. Xususan, Ayub paygʻambar haqidagi rivoyat bitilgan XVI asrga tegishli panno bebaho sanaladi. Bu goʻshaning Buxoro shahri tarixiy markazida joylashgani ham unga boʻlgan qiziqishni oshirmoqda. Shahar tarixiy markazi esa 1993-yilda YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilganidan koʻpchilik xabardor, albatta.

Sherzod MAHMUDOV,

Buxoro viloyati “Karvon” madaniy merosni

oʻrganish va turizmni rivojlantirish markazi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер