Ayollar va bolalarni himoya qilish tizimi yangi bosqichda

20:00 20 Mart 2026 Jamiyat
412 0

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasida ayollar va bolalarni himoya qilish tizimi sezilarli darajada rivojlanmoqda. Bu jarayonning asosiy maqsadi oilaviy zoʻravonlik, kamsitish, mehnat va ijtimoiy huquqlar buzilishini oldini olish, shuningdek, ayollar va bolalarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini mustahkamlashdan iborat. Yangi bosqichda tizimning samaradorligini oshirish uchun qonunchilik, ijtimoiy dasturlar va profilaktika mexanizmlari integratsiya qilinmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yil 3-martda “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy-huquqiy choralar toʻgʻrisida”gi PF-33-son farmon qabul qilindi. Mazkur farmonning asosiy maqsadi ayollar va bolalarga nisbatan sodir etiladigan tazyiq va zoʻravonlik holatlarini kamaytirish, ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda ijtimoiy-tarbiyaviy va tashkiliy mexanizmlarni takomillashtirishdan iboratdir.

Ushbu farmon inson huquqlari va gender tengligi sohasida milliy qonunchilikni rivojlantirishga xizmat qiladi, xavfsiz muhit yaratish, oilaviy zoʻravonlikni kamaytirish va profilaktika tizimini kuchaytirishni koʻzlaydi hamda xalqaro standartlarga, xususan BMT ayollar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi (CEDAW) va Bolalar huquqlari konvensiyasi bilan uygʻunlashtirilgan.

Farmondagi asosiy vazifalar va chora-tadbirlar sifatida huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish orqali ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik uchun jazo choralarini aniqlash va ularni samarali qoʻllash, mahalliy hokimiyat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatida aniq standartlar joriy qilish hamda jinoyat va huquqbuzarliklar holatlarini tizimli tahlil qilish va monitoring tizimini yaratish nazarda tutildi.

Bundan tashqari, tashkiliy va profilaktika choralar orqali profilaktika inspektorlari va ijtimoiy xizmatlar faoliyatini kengaytirish, mahallalarda va taʼlim muassasalarida ijtimoiy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish hamda zoʻravonlik qurbonlariga psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish belgilandi.

Shuningdek, mahallalar va jamoatchilikni jalb qilish orqali har bir mahalla va maktabda jamoatchilik kuzatuv guruhlarini shakllantirish, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari orqali maʼrifiy va hushyorlik kampaniyalarini olib borish hamda volontyorlar va NNTlarning ishtiroki orqali jamiyatda zoʻravonlikka qarshi madaniyatni rivojlantirish koʻzda tutildi.

Endilikda ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlariga qarshi kurashishning aniq mexanizmlari va amaliy choralari belgilandi. Jumladan, 2026-yil 1-apreldan boshlab himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga, yaʼni telefon, planshet va boshqa qurilmalariga Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zoʻravonlik holatlari toʻgʻrisida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi (“SOS” chaqiruv) “my.ihma.uz” mobil ilovasi ularning roziligi bilan oʻrnatiladi.

Farmonning ijtimoiy ahamiyatli jihatlaridan biri homilador talaba-qizlar va yosh onalar uchun taʼlimni davom ettirish imkoniyatlarining kengaytirilishidir. Endi kursdan qolgan talabalarga oʻqishni tiklash imkoni beriladi, masofaviy taʼlim shakli kengaytiriladi hamda akademik taʼtil davrida ham oʻqishni onlayn davom ettirish imkoniyati yaratiladi. Bu esa ayol-qizlarimizning taqdiri faqat erta turmush bilan cheklanib qolmasdan, ularning taʼlim olish va kasb egallash huquqi ustuvor ekanini anglatadi.

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, yangi bosqichdagi ayollar va bolalarni himoya qilish tizimi nafaqat qonunchilikni mustahkamlashga, balki ijtimoiy, psixologik va moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni yanada takomillashtirishga qaratilgan. Bu oʻz navbatida jamiyatda gender tenglikni oshirish, oilaviy zoʻravonlik va kamsitish holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu yangi tizim profilaktik yondashuv, zamonaviy monitoring va samarali yordam mexanizmlari orqali xalqaro standartlarga yaqinlashmoqda.

Dilfuza Abdullayeva,

yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер