Ayollar bandligi – roʻshnolik omili

19:19 17 Fevral 2023 Jamiyat
1088 0

Foto: Xalq so‘zi

Har qanday jamiyat AYOLdan roʻshnolik qarzdor. Uning oila va oiladan tashqaridagi mavqei, hayotdan roziligi bevosita jamiyatning munosabati, ijtimoiy faolligini taʼminlay olishi bilan belgilanadi.

Afsuski, mehnat bozorida ayolning oʻz ish oʻrnini topishi har doim murakkab masala boʻlib kelgan. Tabiiyki, bu nainki xalqaro huquq meʼyorlari, balki oddiy insoniy munosabatlar va ayollar faolligiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi. Shu maʼnoda davlatimiz rahbarining soʻnggi yillardagi qator farmon va qarorlarida ayollar bandligini taʼminlash ustuvor vazifalardan etib belgilangani, jumladan, Navoiy viloyatida ham bu borada keng qamrovli dasturlar amalga oshirilayotgani eʼtirofga molikdir. Viloyatning Qiziltepa tumanidagi “Kulolon” MFYda faoliyati yoʻlga qoʻyilgan yirik tikuvchilik korxonasi ana shunday eʼtibor samarasi boʻlib, bu yerda yon-atrofdagi qishloqlardan jami 150 nafar ayol oʻz ish oʻrniga ega boʻldi. Ularning oltmish nafari zamonaviy dastgohlarni boshqarishga oʻqitildi.

— Ilgari bozorga tushsak, import buyumlarni qidirar, ularning bichimi va sifatini ustun qoʻyardik, — deydi korxonaning yosh tikuvchilaridan biri Lobar Rahmatova. — Mana, bugun bizlar tikkan trikotaj mahsulotlari yuz foiz eksport qilinyapti. Demak, endi chet davlatlarda biz tayyorlayotgan mahsulotlarni odamlar bajonidil xarid qilishayotgani koʻngilda gʻurur uygʻotadi.

Qiziltepa tumanining “Toshmachit” MFYdagi tikuvchilik korxonasida esa qirq nafar opa-singillarimiz bandligi taʼminlangan. Mahalliy tadbirkor Shahnoza Samadova asos solgan korxona mahsulotlari ichki bozorda allaqachon oʻz xaridorini topib, tadbirkor yaqinda Rossiyadan kattagina buyurtma portfeli bilan qaytdi.

— Korxonamizga birinchi navbatda “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan mahalladoshlarimizni ishga oldik, — deydi Sh. Samadova. — Albatta, tayyor mutaxassisni topish qiyin, ularning oʻzi oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishyapti. Shu sabab ularning koʻpchiligini oʻqitdik, tajribasini oshirdik.

Chindan ham, tumanning hunarli va tadbirli ayollari allaqachon oʻz biznesiga asos solishgan. “Oqmachit” mahallasida yashovchi Feruza Xoʻjayeva shulardan biri boʻlib, eʼtibor va ragʻbat tufayli uy bekasidan ishbilarmonga aylandi. Oilaviy zardoʻzlik korxonasida singlisi va oʻzini qoʻshib hisoblaganda 10 nafar ayolning bandligini taʼminlagan.

— Mahsulotlarimiz xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uygʻotmoqda, — deydi F. Xoʻjayeva. — Shu sabab qoʻshni Buxoro va Samarqand viloyatlari tadbirkorlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz. Buyurtma kutib oʻtirmaymiz, xorijliklar qoʻl mehnatini, sanʼat darajasidagi zardoʻzlikni qadrlashadi. Shuning uchun mahsulotimiz vaqtida sotilib, daromadimizni vaqtida olamiz.

Soʻz mahsulot sotilishi haqida ketarkan, tumanning Rabot mahallasidagi hunarmand Zebiniso Qoʻziyevaning faoliyati bir qarashda turgan-bitgani tavakkaldek tuyulishi mumkin. Boisi hunarmand ayol oʻz atrofiga 30 nafar qoʻni-qoʻshnisini birlashtirib, chopon tikish bilan shugʻullanadi. Oʻzining aytishicha, bir oyda 600tagacha chopon tayyorlashar ekan. Yilning toʻqqiz oyi issiq oʻlkada shuncha chopon oʻz xaridorini topa olarmikan, degan oʻyga borasan beixtiyor.

— Xalqimizda toʻy-maraka koʻp, — deydi Z. Qoʻziyeva. — Baʼzan buyurtmalarni tayyorlashga ulgurmay qolamiz. Eng muhimi, narxlar insof bilan belgilansa, mahsulot sifatli boʻlsa, xaridor oʻzi izlab keladi.

Quvonchlisi, bunday misollarni Qiziltepa tumani miqyosida oʻnlab, yuzlab keltirish mumkin. Muhimi, ayollar qoʻl urayotgan tadbirkorlik yoʻnalishlari deyarli bir-birini takrorlamaydi. Aytaylik, Zarmetan qishlogʻida kosa toʻnkarilganida ham toʻkilmaydigan qatiq ishlab chiqarish tadbirkorlik tusini olgan boʻlsa, Vangʻozida gulchilik xotin-qizlar bandligini taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda.

— Tumanimizda oʻtgan yili qariyb olti ming nafar xotin-qizlarning ijtimoiy bandligi taʼminlandi, — deydi Qiziltepa tumani hokimi oʻrinbosari Zuhra Rashidova. —Ularning 2 ming 258 nafari doimiy ish joyiga ega boʻlsa, 2 ming 200 nafari oʻzini oʻzi band qilganlar safidan oʻrin oldi. Shuningdek, 2022-yilda 1 ming 670 nafar opa-singlimiz imtiyozli kreditlar orqali oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlashdi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish hamda ushbu sektorlarda ayollar ishtirokini oshirish masalalari iqtisodiyotimiz barqarorligining muhim shartiga aylangan. Qolaversa, bu uy bekasi maqomidagi ayollarning ijtimoiy faolligini oshirishga, ularning oila va jamiyatdagi mavqeini mustahkamlashga yordam bermoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер