Ayol maʼrifati – jamiyat saodati
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona politexnika institutida viloyat prokuraturasi hamda Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi hamkorligida «Ayol maʼrifati jamiyat saodatidir» mavzusida bayram shodiyonasi oʻtkazildi. Unda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarining talabalari, olima ayollar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida institut foyesida shahar-tumanlarda oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Anjuman qatnashchilari qoʻli va qalbi gul chevarlar, kasanachilar tomonidan tayyorlangan bejirim kiyim-kechaklar, bolalar oʻyinchoqlari hamda uy-roʻzgʻor buyumlarini katta qiziqish bilan koʻzdan kechirdilar.

— Xotin-qizlar manfaatini himoya qilish borasidagi oʻrganishlarimiz davomida viloyatdagi 5 ta oliy taʼlim dargohida oʻqiyotgan 120 nafardan ziyod talaba qizlarga moddiy-maʼnaviy yordam koʻrsatildi, — deydi Fargʻona viloyati prokurori oʻrinbosari Farhod Ismoilov. — Oʻz navbatida xotin-qizlarimizning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash ham doimiy eʼtiborda. Shunisi aniqki, har bir ayol oilada baxtli boʻlsa, u jamiyat hayotida ham faol boʻladi. Ilmli, hunarli ayollar esa jamiyatning bebaho boyligidir. Bugungi anjumanimiz ana shu kabi ezgu maqsadlarni roʻyobga chiqarishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli.
Bayram tadbiri doirasida oliy oʻquv yurtlari talaba-qizlari ishtirokida «Zakovat» intellektual oʻyini oʻtkazildi. Oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan bir guruh talaba qizlar pul mukofoti va sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Botir MADIYOROV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring