Avtobenzin narxi barqarorlashdi, taqchillik yoʻq — Energetika vazirligi
Kuz-qish mavsumida avtobenzin narxini barqarorlashtirish maqsadida 2022-yil 12-dekabr kuni Prezidentimizning joriy yil 10-dekabrdan 2023-yil 1-martiga qadar qator chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi maxsus qarori qabul qilindi.
Xususan, ushbu davr mobaynida xorijdan olib kirilayotgan, mamlakatimiz korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan va tadbirkorlik subyektlari tomonidan yakuniy isteʼmolchilarga sotilayotgan AI-80 markali benzinga aksiz soligʻining “nol” stavkasi qoʻllaniladi.
"Bu belgilangan muddatda benzin narxi barqaror boʻlishini taʼminlaydi. Mamlakatimizda benzin taqchilligi yoʻq, uning barqaror taʼminoti mavjud, yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi, importning koʻzda tutilgan hajmi barqaror davom etmoqda. Biroq, havo harorati pasayib borayotganidan foydalanib, ayrim tadbirkorlar yoqilgʻi quyish shaxobchalarida sotilayotgan benzin narxini asossiz ravishda oshirish holatlari ham uchrab turibdi.
Shuni unutmaslik kerakki, Oʻzbekiston ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan davlat ekan, bunday hollarda foyda koʻrishga, sunʼiy tanqislik holatini yaratishga yoʻl qoʻymaydi. Ushbu qaror mish-mishlar va shov-shuvlardan daromad topishga urinayotganlar uchun jiddiy toʻsiq boʻladi.
Shuningdek, avtomashina egalariga shuni eslatib oʻtamizki, benzinni zaxirada xarid qilish va uni yaroqsiz sharoitda saqlash noqonuniy hisoblanadi. Chunki bu nafaqat sizning oila aʼzolaringiz, balki yaqin atrofda yashovchi boshqa insonlarning ham salomatligi va hayotiga tahdid soladi. Benzinni faqat shu maqsadda maxsus jihozlangan obyektlarda, masalan, yoqilgʻi quyish shaxobchalarida, terminallarda va hokazolarda saqlash mumkin. Yaqinlaringiz va atrofingizdagilarning hayotini xavf ostiga qoʻymang.
Aholini benzin bilan taʼminlash holati mamlakat rahbariyati nazoratida. Eslatib oʻtamiz, benzinni noqonuniy saqlash holatlari aniqlansa, jarima va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa choralar qoʻllaniladi" deyilada vazirlik rasmiy xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring