Avstriya kompaniyasi Oʻzbekistondagi investitsiyaviy loyihalarini amalga oshirishni tezlashtiradi
Oʻzbekiston elchisi Abat Fayzullayev Avstriyaning “Lasselsberger Group” kompaniyasi direktori Yozef Lasselsberger bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muzokaralar chogʻida respublikamiz iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va viloyatlarda yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv doirasida tomonlar Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida “Lasselsberger Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda boshlangan investitsion loyihalarni amalga oshirish hamda investitsiyalarni oʻzlashtirish jarayonini jadallashtirish yuzasidan ham fikr almashdi.
“Lasselsberger Group” kompaniyasiga 1957-yilda Anton Lasselsberger tomonidan asos solingan va qarorgohi Pyoxlarn shahrida joylashgan. Kompaniya mineral xom ashyolar, qurilish materiallari va keramik plitalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
“Lasselsberger Group”ning, Xitoy, Rossiya, Vengriya, Malta, Chexiya, Avstriya, Slovakiya, Ruminiya, Qozogʻiston singari 20dan ortiq davlatlarda 80 ga yaqin ishlab chiqarish quvvatlari mavjud. Uning tovar aylanmasi 2,2 milliard yevroni, ishchilari soni esa 10 mingdan ortiqni tashkil etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring