Auksionlarda 262 mlrd soʻmlik avtoraqamlar sotildi

20:38 30 Dekabr 2020 Iqtisodiyot
1517 0

2020-yilning boshidan buyon Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz vebsaytida 262,6 mlrd soʻmlik 106 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi. Avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 2,6 marotabaga, hajmi boʻyicha – 71,2% ga oʻsdi.

Tuzilgan bitta bitimning oʻrtacha qiymati 2,4 mln soʻmni tashkil etgan. Sotilgan avtoraqamlarning 92,3% jismoniy shaxslar, 7,7% - yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. Oʻtgan davrda sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi – 450,5 ming soʻmni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 206,7 mln soʻmni tashkil qildi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 30% birinchi toifadagi avtoraqamlar, 33,5% – ikkinchi, 19,3% – uchinchi, 5,9% – toʻrtinchi, 5,4% –beshinchi va 5,9% – oltinchi toifa avtoraqamlarga toʻgʻri kelgan.

Hududlar kesimida eng koʻp avtoraqamlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (45,2%) Fargʻona (8,2%), Samarqand (8,1%) va Namangan (6,0%) viloyatlarida xarid qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-iyundagi 350-sonli qarori bilan joriy yilda auksion savdolari orqali qoʻshimcha 271 ta juft avtoraqamlar ham sotilishi belgilandi. Mazkur qaror kuchga kirishi bilan joriy yilda onlayn-auksionlar orqali har oyda sotiladigan avtoraqamlarning oʻrtacha soni 2 700 dan 14 000 gacha oshgan.

Shuningdek, auksion ishtirokchilari uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida joriy yilda “Avtoraqam” mobil ilovasi yangi koʻrinishda ishga tushirildi. Ilovaga savdo ishtirokchisini onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtkazish va avtoraqam boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish yangi funksiyalari qoʻshildi.

Eslatib oʻtamiz, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablagʻlarning 80 foizi – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga, 20 foizi – Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер