Aslo choʻchimang, islom — moʻtadil din!

10:30 24 Noyabr 2020 Jamiyat
2120 0

Bugun, afsuski, ayrim gʻalamis kimsalar muqaddas dinimizni yomonotliqqa chiqarib, dunyoning koʻpgina davlatlarida, xususan, Gʻarb mamlakatlarida ataylab «islomofobiya» (yaʼni, odamlarni Islomdan qoʻrqitish, dindan bezdirish)ni tarqatishga chiranishmoqda.

Qoʻli qonga botgan manfur, malʼun, sotqin kimsalar “jihod” niqobi ostida dunyoning arzimas matohiga uchib, tinch aholining halovatini buzish, odamlar oʻrtasida sarosima uygʻotish maqsadida olomon orasida oʻzini portlatayotib «Allohu akbar» deya hayqirmoqda. Din dushmanlari qayerda qingʻir ish qilmoqchi boʻlishsa, yana oʻsha ulugʻ kalom – «Allohu akbar» yangraydi.

Tabiiyki, insonparvar, moʻtadil, oʻz nomi bilan tinchlikni targʻib qiladigan dinimizning asl mohiyatidan bexabar kimsalar Islomdan choʻchib qolishmoqda. Bu masalaning birinchi jihati.

Yana bir jihati shuki, ayrimlar (hatto aholisining aksariyati musulmon boʻlgan diyorlarda ham) ataylab dinimiz buyruqlarini kishilarga mashaqqatli qilib koʻrsatishmoqda. Bu ham kishilarni, dindan yuz oʻgirmasa-da, lekin Islom arkonlarini bajarishdan choʻchitmoqda.

Xoʻsh, aslida ham shundaymi: baʼzilar aytayotganidek, dinimiz rostdan ham mashaqqatlimi? Islomning arkonlarini bajarish shunchalik mushkulmi?

Islom haddan oshish va nuqsonga yoʻl qoʻyish oʻrtasidagi moʻtadillikni tutgan din boʻlib, u eng toʻgʻri yoʻl sanaladi. Qurʼon va sunnatdagi shariat matnlari moʻtadil yoʻlni tutishga buyuruvchi va gʻuluv nomi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri mubolagʻaga berilish yoki tajovuz, zolimlik, adovat, murosasizlik hamda chuqur ketish kabi gʻuluvni ifoda etuvchi narsalardan qaytaruvchi umumiy dalillar bilan kelgan.

Keling, musulmonlarning asosiy manbai boʻlgan Kalomullohga murojaat qilaylik. Zero, ilohiy kalomdan oshirib bir soʻz deyish bashariyat uddalaydigan ish emas.

  1. Alloh taolo aytadi: “Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmang va Alloh haqida haqdan boshqani aytmang” (Niso surasi, 171-oyat).
  1. Boshqa bir oyati karimada: “Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshib, nohaqlik qilmang. Va oldin oʻzlari adashib va koʻpchilikni adashtirib, toʻgʻri yoʻldan umuman chiqqanlarning havoyi naflariga ergashmang” (Moida surasi, 77-oyat), deb marhamat qilingan.

Ushbu ikki oyatda ahli kitoblarni dinda gʻuluv ketishdan qaytariqlar bordir. Qurʼoni karimda ahli kitoblarga xitob qilingan har bir buyruq yoki qaytariqlarda bu ummat nazarda tutilgan boʻladi. Chunki bu (Qurʼon) bilan aslida musulmonlarga xitob qilinadi. Agar Alloh ularni gʻuluv ketishdan qaytargan boʻlsa, demak, biz, birinchi navbatda, undan man etilganmiz. Ahli kitoblar orasida gʻuluvga ketishning turli koʻrinishlari bor edi. Jumladan, baʼzilar Alloh taoloning yaratgan narsalari haqida gʻuluvga ketishardi. Masalan, nasroniylar Iso va uning onasi, yahudiylar esa Uzayr va buzoq borasida gʻuluvga ketishdi. Ular ibodatda gʻuluv ketishdi. Nasroniylar esa Alloh biror hujjat nozil qilmagan tarkidunyochilik va undan boshqa gʻuluv koʻrinishlarini oʻylab topishdi.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam bu ummatni yahudiy va nasroniylar adashgani kabi gʻuluvda ularga ergashishlaridan xabar berganlar. Bu esa ummat orasida ularda boʻlgani kabi gʻuluvga ketish sodir boʻlishini ifoda etadi. Ularni gʻuluvdan qaytarish voqelikda aynan bizga ham tegishlidir.

3. Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar! Alloh sizga halol qilgan pok narsalarni harom qilmang. Haddingizdan oshmang. Albatta, Alloh haddan oshuvchilarni sevmas” (Moida surasi, 87-oyat).

4. Yana bir oyati karimada: «Bas, sen va sen bilan tavba qilganlar mustaqiym turinglar va tugʻyonga ketmanglar. Chunki U nima qilayotganingizni koʻrib turguvchidir» (Hud surasi, 112-oyat), deya amr etilgan.

Ushbu ikki oyatda gʻuluv ketishdan qaytariq bor. Chunki haddan oshish – sharʼiy chegaradan chiqish demak. Bu esa gʻuluv maʼnosidadir, shuningdek, tugʻyonga ketish ham haddan oshishdir. Ikkala oyat moʻtadillik, vasatiylik va istiqomatga buyurmoqda, gʻuluv ketishdan qaytarmoqda.

Shu bilan birga, muborak hadislar ham Islom ummatining istiqomatda boʻlishi uchun muhim mayoqdir.

1. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: «Aqaba kunining tongida Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ulovlari ustida turgancha menga: “Otishim uchun tosh terib ber”, dedilar. Men u zotga mayda toshlarni terib berdim. U zot: «Bu kabi toshlarni otinglar. Sizdan oldingilarni dinda gʻuluv ketish halok qilgan», dedilar (Imom Nasoiy va Ibn Moja rivoyati. Lafz Nasoiyniki, sanadi sahih).

Ushbu hadis dinda gʻuluv ketishdan qaytaruvchi eng qatʼiy dalillaridan biridir. Hadis shaytonga tosh otishda toshlar borasida mubolagʻa qilishdan qaytarish uchun aytilgan boʻlsa-da, Nabiy sollallohu alayhi va sallam ushbu hadisni dinning barcha boblarida gʻuluv ketishdan qaytarishni oʻz ichiga olgan umumiy ibora bilan bayon qildilar.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam bizdan oldin oʻtganlarni dinda gʻuluvga ketib, halok boʻlganlarini bayon qilmoqdalar. Nuh qavmining halokati Allohni qoʻyib, solihlarga ibodat qilishlari boʻldi. Yahudiylarning halokatiga esa Uzayr va buzoq borasida gʻuluvga ketishlari sabab boʻldi. Ular haddan oshib, hatto paygʻambarlarni qatl qilishdi. Nozil qilingan kitoblarni buzib talqin qildilar. Nasroniylarning halok boʻlishiga Iso va uning onasi Maryam haqida gʻuluvga ketish sabab boʻldi. Ular dinga undan boʻlmagan ibodatlarni yangilik qilib kirgizishdi. Bu ummatning ham eng koʻp halokatga duchor qiluvchi omil gʻuluv hisoblanadi.

2. Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Uch marta gʻuluvga ketganlar halok boʻldilar», dedilar» (Imom Muslim rivoyati).

Abu Dovud rivoyatida esa: «Ogoh boʻling! Gʻuluvga ketganlar halok boʻldilar», dedilar. Bu soʻzni uch bor aytdilar. Imom Navaviy: «Mutaʼannitlar –soʻz va amallarida chegaradan chiqib, haddidan oshadiganlardir», degan.

Bu hadis yuqoridagi «Sizdan oldingilarni dinda gʻuluv ketish halok qilgan» hadisining aynan maʼnosi boʻlib, uni yana-da taʼkidlab kelmoqda.

3. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Darhaqiqat, din yengildir. Biror kishi dinni qiyinlashtirsa, uni magʻlub qiladi. Bas, toʻgʻri amalda boʻlinglar, yaqinlashib yuringlar, yaxshilik bashoratini beringlar. Sahar chogʻida, tushdan keyin va kechaning oxirida yordam talab qiling”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

4. Imom Buxoriy va Imom Muslim Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladilar: «Menga Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam: “Menga xabar berilishicha, sen kechani bedor oʻtkazib, kunduzning roʻzasini tutar emishsan?” dedilar. Men: «Albatta, men oʻshandoq qilurman», dedim. U zot: “Agar sen shundoq qiladigan boʻlsang, koʻzing zaiflashadi, nafsing malol oladi. Albatta, senda nafsingning ham haqi bor, ahlingning ham haqi bor. Bas, roʻza ham tut. Ogʻzing ochiq ham yur. Bedor ham boʻl, uxla ham”, dedilar».

6. Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: “Albatta, bu din mustahkamdir. Shunday ekan, uning ichiga yengillik bilan kirib boring. Oʻzingizni Allohning ibodatidan nafratlantirib qoʻymang”, dedilar».

Xulosa qilib aytganda, dinimiz, ayrimlar oʻylaganchalik, mashaqqat emas. Islomning barcha arkonlarini bemalol bajarsa boʻladi. Bularning hech qiyin joyi yoʻq. Aslida dinimiz oson. Lekin oʻzimiz uni qiyinlashtirib olamiz. Agar biz birgina Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilgan “Yengillashtiring, aslo qiyinlashtirmang, bashorat bering, aslo nafratlantirmang”, hadisga rioya qilganimizda edi, bugun vahima qilinayotgan «islomofobiya» ham, “dinimizdagi mashaqqatlar” ham oʻz-oʻzidan barham topgan boʻlar edi.

Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер