“Artemida-2” oy missiyasi astronavtlari Yerga qaytishdi
“Artemida-2” oy missiyasining “Orion” Amerika kosmik kemasi Tinch okeaniga muvaffaqiyatli qoʻndi, deb xabar berdi NASA.
Toshkent vaqti bilan 11-aprel kuni soat 05:07 da ekipaj San-Diyego qirgʻoqlari yaqinidagi Tinch okeani hududiga parashyutlar yordamida muvaffaqiyatli qoʻnishni amalga oshirdi.
NASA va AQSH Qurolli Kuchlarining qutqaruv jamoalari ekipajni “Orion” kemasidan chiqarib olishdi, soʻngra vertolyotlarda “USS John P. Murtha” desant kemasiga yetib olishlariga yordam berishdi.
Kema bortida astronavtlar missiya yakunlanganidan keyin tibbiy koʻrikdan oʻtdilar. Shundan soʻng ular qirgʻoqqa qaytishdi va u yerdan samolyotda Xyustondagi NASAning Jonson nomidagi kosmik markaziga yetkazildilar.
NASA maʼmuri Jared Ayzekman ekipaj harakatlarini yuqori baholab, ularni “mutlaqo professional astronavtlar, ajoyib notiqlar va deyarli shoirlar” deb atadi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmogʻida astronavtlarni tabrikladi va yaqin orada Oq uyda ular bilan uchrashuv oʻtkazilishini eʼlon qildi.
“Buyuk va juda iqtidorli “Artemida-2” jamoasini tabriklayman. Butun sayohat hayratlanarli oʻtdi, qoʻnish ideal darajada amalga oshirildi va Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti sifatida men bundan ortiq faxrlana olmasdim! Biz buni yana takrorlaymiz, keyingi qadam esa — Mars!” — deb yozdi u.
Eslatib oʻtamiz, aprel oyi boshida Oyga bortida toʻrt nafar astronavt boʻlgan boshqariladigan kosmik kema uchirilgan edi: amerikaliklar Rid Vaysman, Kristina Kuk va Viktor Glover, shuningdek, kanadalik Jerimi Xansen Yer yoʻldoshi atrofini aylanib chiqishdi.
Kema 6-aprel kuni Yerdan eng uzoq masofaga — taxminan 406 608 km uzoqlikka yetgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring