Arxeologlar Dobusiya yodgorligida mudofaa devorini topishdi
Foto: Xalq so‘zi
Samarqand bilan Buxoro shahrini oʻzaro bogʻlab turgan Buyuk ipak yoʻli ustida joylashgan qadimgi kentlar ichida eng yirigi va ahamiyatlisi - bu Dobusiya shaharchasidir.
Dobusiya yodgorligida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar bu yerda savdo-sotiq va hunarmandchilik yaxshi rivojlanganini koʻrsatdi. Qazishmalar paytida Dobusiyadan topilgan kulolchilik mahsulotlari oʻz sifati, nafisligi va jarangi bilan yaqqol ajralib turadi. Dobusiyalik temirchilar yasagan qurol- yarogʻlar, sovutlar va mehnat qurollari asrlar davomida sifatini yoʻqotmagan.
Bundan oʻn yillar ilgari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Ya. Gʻulomov nomidagi arxeologik tadqiqotlar instituti olimlari yaponiyalik hamkasblari hamkorlikda Dobusiyada qazishmalar olib bordi. Bu yodgorlikda olib borilgan keng koʻlamli qazishmalar natijasida ushbu shaharchaga bundan 2600-yillar ilgari asos solingani isbotini topdi.
Bu ushbu shaharni Zarafshon vohasida Samarqanddan keyingi ikkinchi qadimiy shahar ekanligini koʻrsatadi. Shuningdek, Dobusiya bagʻrida xalqimizning qariyb uch ming yillik tarixi, madaniyati va maʼnaviyati “uxlab” yotibdi.
Shu kunlarda Samarqand davlat universiteti oʻqituvchilari, talabalari hamda Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimlari Dobusiya yodgorligida arxeologik qazishma ishlarini olib bormoqda. Mazkur ekspeditsiyaga universitet oʻqituvchisi, Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov rahbarlik qilmoqda.
Qalʼaning shahriston qismidagi qazishmalar natijasida qalinligi 2-4 metrli mudofaa devori mavjudligi aniqlandi. Ochib oʻrganilganida, turar joy oʻrinlari, somoniylar va qoraxoniylar davriga oid boʻlgan tanga-pullar topildi.
Dobusiya yodgorligining ustki qismida metall va toshqurolning qayd etilishi oʻrta aslarda bu koʻhna kentda nafaqat kulolchilik va hunarmandchilik, balki metalsozlikning ham rivojlanganligidan guvohlik beradi. Shuningdek, Dobusiyada yigirmadan ortiq boʻlgan badraf oʻrinlari ham aniqlandi. Bu oʻrta asrlarda Soʻgʻdda gigiyenaga alohida eʼtibor berilganligini anglatadi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring