AQSHning Ogayo davlat universitetida oʻzbek tili dasturlari yana-da kengaytiriladi
Oʻzbekiston Respublikasining Vashington shahridagi diplomatik vakolatxonasi xabar berishicha, mamlakatimizning AQSHdagi elchisi Javlon Vaxabov Ogayo davlat universiteti (ODU) Yaqin sharq tillari va madaniyati kafedrasi mudiri Skott Levi va Slavyan va Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi direktori Anjela Brinlingerlar bilan samarali uchrashuv oʻtkazdi.
Mazkur uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsadlar — oʻzbek tilimizning AQSHdagi nufuzini yana-da oshirish, oʻzbek tili taʼlimoti dasturlarini pandemiya sharoitida qoʻllab-quvvatlash, Ogayo davlat universiteti va boshqa mahalliy oliy oʻquv yurtlarida uning oʻqitilishini kengaytirish va mamlakatimizning boy madaniy merosini targʻib qilish.
Aytish joizki, 1870-yilda tashkil etilgan ODU akademik jihatdan AQSHning ijtimoiy-gumanitar fanlar taʼlimi yoʻnalishi boʻyicha eng ilgʻor universitetlar reytingida 17 va jahonda 45 oʻrinni egallaydi. Shuningdek, oliygoh mamlakatdagi eng katta kutubxonalardan biriga ega boʻlib, oʻzida 1 milliondan ortiq kitob fondini saqlaydi. Bundan tashqari, Sharqiy Yevropa, Yevrosiyo va slavyanshunoslik sohalaridagi tadqiqotlar borasida ham ODU AQSHning nufuzli taʼlim maskanlaridan hisoblanadi.
Hozirga qadar universitet talabalari orasidan 2 tasi va oʻqituvchi professorlaridan yana 2 tasi nufuzli Nobel mukofoti sovrindorlariga aylanishgan. Yiliga 65 mingta talabaga ilm beradigan oliygoh jahonning turli mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan va yuqori natijalarga erishgan minglab davlat rasmiylari, yirik tadbirkorlar, mashhur sanʼatshunos olimlar va boshqalarni oʻz dargohida tarbiyalagan desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Elchixonamiz maʼlumotiga koʻra, hozirgi kunda ODU AQSHdagi eng yirik oʻzbek tili taʼlimi dasturiga ega boʻlib, yiliga oʻrtacha hisobda 10-12 ta oliygoh talabalariga mamlakatimiz davlat tili oʻrgatiladi. Mazkur dastur 2003-yilda ilk bor tashkil qilingan va shu kunga qadar 200 dan ortiq talabalar oʻzbek tili kurslarini tamomlashgan.
Yuqorida aytilgan kurslar odatda yiliga toʻrt marta amalga oshirilib, ikkitasi kuz va yana ikkitasi bahorgi semestrlarda oʻqitiladi. Ayni paytda, mamlakatimiz hayotining turli sohalardagi keng islohotlar borgan sari koʻproq amerikalik yoshlarni davlat tilimizni oʻrganishga undamoqda.
Shu oʻrinda, oʻzbek tilini oʻrgangan ODU talabalari orasida Markaziy Osiyo mintaqasiga bagʻishlangan diplom ishlari va dissertatsiyalar soni bakalavr bosqichida 18 ta va magistratura bosqichida 17 tani tashkil qiladi. Bu esa shubhasiz mintaqamizga boʻlgan eʼtiborning kuchayib borishidir.
Bundan tashqari, oʻzbek tilini oʻrgangan ODU bitiruvchilar orasidan bir nechtasi AQSH hukumatining turli idoralarida Yevroosiyo masalalari boʻyicha mutaxassis boʻlib faoliyat yuritishsa, oʻnlab iqtidorli kadrlar Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, madaniyati va tili yoʻnalishlarida doktorlik izlanishlarini olib borishmoqda.
ODU AQSHning oʻrta gʻarbiy va sharqiy sohillaridagi yirik 14 ta universitetlarining konsorsiumi hisoblanadigan Katta oʻnlik akademik alyansi (KOʻAA) aʼzosi boʻlib, mazkur oliygohlar talabalari ham onlayn tarzda ODU taklif etayotgan oʻzbek tili kurslarida tahsil olish imkoniyatiga egadirlar.
Diplomatik vakolatxonamiz taʼkidlashicha, ODUda “Global may” dasturi joriy qilingan boʻlib, uning doirasida mazkur oliygoh talabalari 4 hafta davomida maʼlum bir mamlakatga sayohat qilib, oʻsha davlat madaniyati va tilini oʻrganishadi. Shu jumladan, 2021-yilgi dastur davomida ODUning mamlakatimiz tilini oʻrganayotgan talabalari orasidan bir guruhini Oʻzbekistonga olib borish rejasi ishlab chiqilmoqda.
Mazkur tashriflarga oliygoh oʻqituvchilari rahbarlik qilib, amerikalik vakillar mamlakatimiz boʻylab sayohat qilishadi, turli tashkilot va universitetlarga tashrif buyurishadi, maʼruzalar va ilmiy muhokamalar oʻtkazishadi, koʻplab tengqurlari bilan tajriba almashishadi.
Shu bilan birga, Elchixonamiz va universitet maʼmuriyati 10-14 kundan iborat qisqa muddatli Oʻzbekistonga sayohat dasturini ham ishlab chiqishni rejalashtirgan boʻlib, ushbu tashrif oʻzbek tili yoki Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati kurslarining kamida bitta pogʻonasini (semestrini) tamomlagan yoshlarga taklif qilinishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida, S.Levi va A.Brinlingerlar bilan hamkorlikda ODUdagi oʻzbek tili taʼlimoti dasturining nufuzini yana-da oshirish, unga jalb qilinayotgan talabalar koʻlamini kengaytirish va ushbu jarayonga jalb qilingan professor-oʻqituvchilar faoliyatini yana-da ragʻbatlantirish maqsadida mamlakatimiz hukumati bilan aloqalarni yana-da mustahkamlashga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring