AQSH Savdo vakili ofisi: Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlishda Vashington qoʻllab-quvvatloviga doimo ishonishi mumkin

22:36 18 Mart 2021 Jamiyat
1267 0

Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov AQSH Savdo vakili oʻrinbosari Kristofer Uilson va Savdo vakili yordamchisining oʻrinbosari Zebo Riyozuddin bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Uchrashuvda elchi Savdo vakili byurosi tomonidan Oʻzbekistonga nisbatan mehnatkashlar huquqlarini taʼminlash va intellektual mulk huquqini himoya qilish talablari boʻyicha Bosh imtiyozlar tizimini qayta koʻrib chiqish jarayonini bekor qilish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror uchun minnatdorlik bildirdi. Bu bilan Oʻzbekistondan olib kelinadigan tovarlar va xizmatlar bojga tortilmaslik tartibini saqlab qoldi.

Kristofer Uilsonning soʻzlariga koʻra, ushbu qarorning qabul qilinishi Oʻzbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berishdagi yutuqlari, shuningdek, respublikaning Butunjahon intellektual mulk tashkilotining internet sohasi boʻyicha bitimlaridan kelib chiqadigan majburiyatlariga sodiqligining eʼtirofi boʻldi. Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash, intellektual mulk huquqini himoya qilish, Markaziy Osiyo davlatlari va Afgʻoniston bilan savdo hamkorligini kengaytirish, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar mamlakatdagi oʻzgarishlar jarayoni izchilligidan dalolat berayotgani taʼkidlandi. «Aynan ushbu yoʻnalishlar Prezident Jo Bayden yangi savdo siyosatining markazida boʻladi», - dedi Kristofer Uilson.

AQSH savdo vakili oʻrinbosari Oʻzbekiston 15 yillik tanaffusdan soʻng JSTga aʼzo boʻlish jarayonining amaliy qismiga oʻtdi, JST Kotibiyatiga oʻz vaqtida kerakli hujjatlarni taqdim etishda muhim yutuqlarga erishdi, deb taʼkidladi. 2020-yilda, shuningdek, Ishchi guruhning 4-yigʻilishini muvaffaqiyatli tashkil etdi.

“Mutaxassislarning professionalligi va rahbariyatning JSTga aʼzo boʻlish surʼatini davom ettirishga boʻlgan qatʼiy sadoqati hamda bu yoʻnalishda koʻproq natijaga erishishga tayyorligi juda muhim. Bu borada Oʻzbekiston AQSHning qoʻllab-quvvatloviga doimo ishonishi mumkin”, - dedi Kristofer Uilson.

Shuningdek, u mamlakatimizning Jekson-Venik tuzatishining Oʻzbekistonga tatbiq etilishini bekor qilish boʻyicha qatʼiyligini olqishladi. Mavjud vaziyatning saqlanib qolishi, uning fikriga koʻra, AQSH-Oʻzbekiston savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish istiqbollariga taʼsir qilishi mumkin, shuningdek, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha harakatlari ruhiga javob bermaydi.

Uchrashuvda Savdo vakili idorasi bilan hamkorlikda aprel oyida AQSH Kongressida respublikaga nisbatan Jekson-Venik tuzatishining qayta koʻrib chiqilishi mavzusiga bagʻishlangan brifing oʻtkazish boʻyicha kelishib olindi. Unda amerikalik qonun chiqaruvchilarga Oʻzbekistonning inson huquqlarini taʼminlash va bozor iqtisodiyoti asoslariga bosqichma-bosqich oʻtishdagi yutuqlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etiladi.

Muzokaralarda, shuningdek, AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari oʻrtasidagi savdo va investitsiyalar toʻgʻrisidagi hadli bitim kengashining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda mintaqada savdo-sotiqni kengaytirish va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish mexanizmini yaratish masalalari koʻrib chiqiladi.

Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotiga koʻra, mazkur yigʻilishni 29-mart - 2-aprel kunlari virtual shaklda oʻtkazish koʻzda tutilgan. Tadbir kun tartibidan bojxona protseduralarini unifikatsiyalash, intellektual mulk huquqlariga rioya qilish, tovarlarning xalqaro standartlarini joriy etish, shuningdek, elektron tijoratni rivojlantirish masalalari oʻrin olgan.

Amerika tomonining fikriga koʻra, koʻp tomonlama hamkorlikning ushbu yoʻnalishlari Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan AQSH Bosh imtiyozlar tizimi qoʻllanilishini saqlab qolish uchun mustahkam poydevor yaratadi. Bu esa ushbu mamlakatlarga mahsulotlarni Amerika bozoriga bojxona toʻlovlarisiz eksport qilish imkoniyatini beradi.

Shu nuqtayi nazardan, Kristofer Uilson Afgʻonistonga mamlakatning mintaqadagi rolini hisobga olgan holda Hadli bitim kengashining toʻlaqonli aʼzosi maqomi belgilanishi zarurligiga eʼtibor qaratdi. Elchixona maʼlumotiga koʻra, Afgʻonistonning kengashga aʼzolikka qabul qilish masalasi muhokamasi mintaqa davlatlari va AQSH tashqi savdo vazirliklari rahbarlarining yaqinlashib kelayotgan uchrashuvi kun tartibida ham koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер