AQSH Green Card lotereyasi qoidalarini oʻzgartirishni rejalashtirmoqda
AQSH rasmiylari Green Card lotereyasida ishtirok etish qoidalarini yangilashni rejalashtirmoqda, bu haqda Federal reyestrdagi nashrda maʼlum qilingan.
Oʻzgarishlar 2026-yil 10-apreldan kuchga kirishi mumkin va ular kelgusi DV-2027 oʻyiniga daxldor boʻladi.
Xususan, lotereyada ishtirok etish uchun amaldagi xorijga chiqish pasporti (zagranpasport) talab qilinadi. Anketaga shaxsiy maʼlumotlar va imzo koʻrsatilgan sahifaning skanerlangan nusxasini ilova qilish kerak boʻladi. Yana bir oʻzgarish anketa toʻldirish vaqtiga tegishli — limit (vaqt chegarasi)ni 30 daqiqadan 90 daqiqagacha oshirish rejalashtirilgan.
AQSH Davlat departamentining hisoblashicha, ushbu choralar firibgarlik yoʻli bilan topshirilgan arizalar sonini kamaytirishga va dasturning shaffofligini oshirishga yordam beradi.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilning sentyabr oyida AQSH Davlat departamenti Diversity Visa lotereyasida roʻyxatdan oʻtish uchun 1 dollar miqdorida toʻlov joriy etilishini eʼlon qilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring