AQSH Eronning raketa zaxirasini yoʻq qilishda qiynaladi — “Politico”
Arxiv foto
AQSH uchun Eronning qolgan ballistik raketa zaxirasini yoʻq qilish qiyin boʻladi. Bu haqda “Politico” nashri Donald Tramp maʼmuriyatidagi sobiq amaldorga tayanib xabar bermoqda.
“Tehronning ballistik raketa zaxirasini nishonga olish tobora qiyinlashib bormoqda, chunki ular bunkerlarda saqlanmoqda”, — deyiladi nashrda.
Oldinroq, AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset Eronning barcha ballistik raketa ishlab chiqarish quvvatlari yoʻq qilinganini daʼvo qilgan edi.
Bunga javoban Eron Markaziy shtab-kvartirasi Harbiy qoʻmondonligi (“Hotam al-Anbiyo”) vakili Ibrohim Zulfagʻariy Eronning strategik harbiy-sanoat kompleksi obyektlari Vashingtonga nomaʼlum, uning “qoʻli yetmaydigan” joylarda joylashganini aytdi.
Shu yilning 28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Buning oqibatida tinch aholi vakillari ham qurbon boʻldi.
Eronning Oʻzbekistondagi elchixonasi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, mamlakat hududiga berilgan zarbalar oqibatida shu yilning 28-martiga qadar boʻlgan davrda 281 nafar maktab oʻquvchilari va oʻqituvchilari halok boʻlgan, tan jarohati olgan xotin-qizlar soni esa 4 ming nafarga yetgan.
Shuningdek, bir oy mobaynida 93 233 ta noharbiy obyekt, 600 ta maktab va boshqa taʼlim muassasasi, 370 ta shifoxona va shoshilinch tibbiy yordam markazi vayron qilingan, 43 ta shoshilinch tibbiy yordam mashinasi yoʻq qilingan.
Bunga javoban Eron Isroil hududiga, shuningdek, Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy nishonlariga zarbalar bermoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring