“Aqlli” hisoblagichlarni “aqlli” rahbarlar boshqarib turibdi(mi)?
Foto: “Xalq soʻzi”
Shu yilning 21-iyun kuni soat 7:00 da Nukus shahrida istiqomat qilayotgan koʻplab aholi xonadonlariga oʻrnatilgan “aqlli” hisoblagichlar isteʼmolchilarni avtomatik ravishda gazdan uzdi.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida “Nukusshahargaz” filialiga borganimizda haqiqatan ham gaz taʼminoti idorasida tumonat odam yigʻilgan edi.
— Qarzimiz boʻlib, gazdan uzilsak eʼtirozimiz yoʻq edi, — deydi isteʼmolchilardan biri Nurjamal Xalmuratova. — Ertalab kelganimda navbatda turib hisoblatib koʻrdim, hali 1 million 400 ming soʻmdan ortiq toʻlovimiz bor ekan. Gazni uzishga asos qilib “noreal” qarzdorlik borligini, buyurtma bersak tez orada qoʻshib berishini aytishgandi. Buyurtma berib ketdim, lekin mana soat 15:00 dan oshdi hamki, hali gazni ulab berishmadi. Bugun shifoxonada yotgan yaqinimizga ovqat qilib borishim kerak edi. Ertalabdan buyon ikki bor shahar gaz idorasiga kelib vaqtimni aslida yoʻq qarzdorlikni isbotlashga sarflayapman. Mutasaddilar, “biz emas, Toshkent hal qiladi noreal qarzdorlikni” deyishmoqda. Toʻgʻrisi, kimga ishonishni ham bilmay qoldik...
Biz, fuqarolar bilan gaz idorasi xodimlarining muloqotlarini kuzatganimizda “noreal” qarzdorlikning kelib chiqish sababi sifatida oʻtgan yillar davomida hududlarga biriktirilgan nazoratchilar (uy egalari uyida boʻlmay hisoblagichni koʻrmagan davrlarda) normativ boʻyicha gaz hisobini yuritgani uchun hozirda “noreal” qarzdorlik yuzaga kelganligini tushuntirishmoqda.
— Men xodimlarning yillar davomida nazoratchilar normativ asosida hisoblaganidan aholining qarzdorligi paydo boʻlgan, degan vajlariga hayron boʻlyapman, — deydi isteʼmolchilardan biri. — Negaki, menga aynan ushbu yangi gaz hisoblagichni oʻrnatganining ertasi kuni 5 million 324 ming 43 soʻm qarzdorlik mavjudligi haqida SMS xabar keldi. Bu masalada shahar gaz idorasiga bir necha marotaba kelib holatga izoh soʻraganimda “bu qarzni sizga aloqasi yoʻq, yaqin orada oʻchiriladi”, deyishgandi. Lekin mana 2 oydan oshgan boʻlsa hamki, “noreal” qarzdorlik oʻchirilmadi, aksincha, bugun uyimizda gaz oʻchirildi. Hayron qoldirgani, sinash uchun hisobimga pul tashlab koʻrsam, oʻsha “menga aloqasi yoʻq qarz”dan soʻndirilyapti.
Biz, holatga izoh olish uchun Nukus shahar gaz idorasidan masʼul rahbarlarni topa olmagach, “Hududgaz Qoraqalpogʻiston” gaz taʼminoti filialiga bordik. Buni qarangki, bu yerda ham yuqoridagi holatdan noroziligini bildirib murojaat qilishga kelgan fuqarolar yetarli ekan.
— Yoshim yetmishdan oshgan, kunning issigʻida qarzdorlikni hisoblab beradigan darchaga termilib, qon bosimim ham oshib ketdi, — deydi murojaat qilishga kelgan keksa onaxonlardan biri Jamila Mamutova. — “Dastur ishlamay qoldi, Toshkent hal qiladi” degan javobni olyapmiz. Aytmoqchi boʻlganim, uyimda nogiron farzandim bor, 400 ming soʻm oldindan toʻlovim boʻla turib shuncha ovoragarchilikdan soʻng ham gazga ulab berishmasa, norozi boʻlamizda, bolam.
“Hududgaz Qoraqalpogʻiston” gaz taʼminoti filialining inspektori Baxtiyar Ubbiniyazov va fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashish boʻyicha masʼul xodim yuqoridagi onaxon va boshqa fuqarolar murojaatlarini qabul qilishib, tez orada hududlarga chiqarilgan xodimlar bilan bogʻlangan holda gaz tarmogʻiga qayta ulab berish ishlarini nazoratga olishlarini bildirishdi.
Biz, yuqorida keltirilgan “noreal” qarzdorlikni Toshkent oʻchirishi kerak” degan mazmundagi fikrlarga izoh soʻradik. Baxtiyar Ubbiniyazov bu borada amalga oshiriladigan ishlarni kompyuterdan bir gaz isteʼmolchi xonadon misolida tushuntirib berdi. Koʻrsatib berishicha, har bir yangi gaz hisoblagich oʻrnatilgan xonadonning eski gaz hisoblagichdagi koʻrsatkichi surati, yillar davomida toʻlab kelgan summalari (bazadan olingan), nazoratchilar normativ boʻyicha kiritib kelgan farq summa, yaʼni, “noreal” qarzdorlik koʻrsatilgan hujjatlar, dalolatnoma nusxalari Toshkent shahridagi (maxsus boʻlim) xodimlarga taqdim qilib boriladi va ular tomonidan koʻrib chiqilib, qarzdorlik oʻchiriladi.
Inspektor Baxtiyar Ubbiniyazovga aynan yangi hisoblagich oʻrnatilgach paydo boʻlgan qarzdorlik boʻyicha aytganimizda, bunga aniqlik kiritish uchun (telefondan shahar gaz taʼminoti masʼul xodimi bilan bogʻlana olmagach) biz bilan birga “Nukusshahargaz” fililaliga bordi. Uning aniqlashicha, ushbu gaz isteʼmolchisi Toshkentga koʻrib chiqish va “noreal” qarzdorlikni oʻchirish uchun yuborilgan keyingi 3 ming xonadonlar orasida ekan. Bugun murojaat qilgan mijozlarni yana bir bor qayta koʻrib, tez orada qarzdorlik masalasini hal qilish boʻyicha alohida roʻyxat qilib yuborishini taʼkidladi.
Shuningdek, B.Ubbiniyazov haqiqatan ham yangi gaz hisoblagichlar oʻrnatilgan xonadonlar toʻliq dastur asosida (“noreal” qarzdorlikni koʻrib chiqib oʻchirish) ishlatishga jismonan ulgura olinmayotgani aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotganini taʼkidladi. Bu borada bugun ertalabdan 4 ta planshet xodimlar qoʻliga berilib, shahardagi gazdan ajratilgan xonadonlarni qayta ulash bilan shugʻullanayotganini aytib oʻtdi.
Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida tarixiy yangilanishlar yuz berayotgan ayni davrda yuqoridagi holatni yozish, keng jamoatchilikka oshkor qilishga ham andisha qilasan kishi. Lekin, yurtimizda Davlat rahbaridan tortib barcha boʻgʻindagi rahbarlar, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi ham har hafta, lozim boʻlsa har kuni fuqarolar murojaatlarini tinglab, taʼbir joiz boʻlsa, murojaatlariga ijobiy yechim topish maqsadida tinim bilmay mehnat qilayotir.
Shunday paytda Toshkentdami yoki Nukusdami tayyor hisobotni vaqtida koʻrib chiqib, aholini “noreal” qarzdorlikdan xolos qila olmayotganlar harakati yoki, harakatsizligi natijasida yuzaga kelayotgan aholining noroziliklariga biz befarq qaray olmadik. Qolaversa, yuqorida soʻzlari keltirilgan murojaatchilarning biri Nurjamal Xalmuratova oradan bir kun oʻtib 22-iyun kuni ham shahar gaz idorasiga borib, gaz tarmogʻiga qayta ulash masalasini hal qila olmaganini bildirdi. Uning aytishicha, shahar masʼullari 21-iyun kuni 400 xonadonni tarmoqqa qayta ulab berishibdi. N. Xalmuratova Toshkentdagi tegishli boʻlim xodimlari bilan telefonda gaplashgan va 2 million soʻmdan ortiq qarzdorligi borligini, agar tegishli dalolatnomalarni taqdim qilsa, gaz tarmogʻiga qayta ulanishi mumkinligini bildirishgan. Uning aytishicha bugun ham “Nukusshahargaz” filialida yuzlab aholi shu masala boʻyicha sarson boʻlmoqda...
Xonadonlarga oʻrnatilgan yangi gaz hisoblagichni “aqlli” yaʼni puli tugasa, gazdan ajratadi, deyishardi. “Aqlli” hisoblagichni “aqlli” mutaxassislar boshqarib turganini odamlar endi anglab yetyapti. Bugun nukuslik 200 xonadan vakillari sarson boʻlib yurishining asl sababi shunda boʻlsa kerak.
Oʻylaymizki, masʼullar holat yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshiradi. Zero, Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Buning amaldagi isbotini yuqoridagi masalaning ijobiy yechimiga qaratilgan tadbirlarda koʻramiz, degan umiddamiz.
Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring