“Anorzor”ning anorlari
Foto: Arxiv surat
Andijon viloyati Izboskan tumanidagi “Anorzor” mahallasi bejizga bunday nomlanmagan. Sababi, hududdagi 475 xonadonning 310 tasi anor yetishtirish bilan shugʻullanadi. Oila sohiblari uchun bu qoʻshimcha daromad manbaiga aylangan.
— Anorchilik bilan shugʻullanish ota-bobolarimizdan meros, — deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi Dilmurod Kenjayev. —Shaxsan oʻzim 40 yildan buyon shu ish bilan mashgʻulman. Tomorqamdan tashqari yana ikki gektar yerda anor yetishtiraman. Hosilni yigʻib, qish va bahor mavsumlarida sotuvga chiqaraman. Bundan tashqari koʻchat tayyorlash bilan shugʻullanaman. Har yili yerga mingta qalamcha qadab, ikki yilda sota boshlayman. Koʻchatning oʻzidan yiliga oʻrtacha 5 million soʻm daromad olaman. Hosildan esa bu yil 130 million soʻm qoʻshimcha mablagʻ topishni niyat qilib turibman.
Ayni kunlarda bir kilogramm anorning narxi ichki bozorda oʻrtacha 6-6,5 ming soʻmni tashkil etmoqda. Ikki oydan soʻng bu koʻrsatkich ikki barobarga ortadi. Har bir xonadon oʻrtacha 200-250 kilogrammdan hosil yigʻishini hisobga olsak, mahalladoshlarning daromadi chakki emas. Anorzorlik anorchilar oʻz mahsulotini ichki bozordan tashqari Rossiya davlatiga eksport qilmoqdalar.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring