“Oʻzgidromet” 5-yanvar kuni 10-15-yanvar kunlari anomal sovuq boʻlishi toʻgʻrisida prognoz bergan edi.

15:50 10 Yanvar 2023 Jamiyat
1093 0

Foto: Xalq so‘zi

“Oʻzgidromet” 5-yanvar kuni 10-15-yanvar kunlari anomal sovuq boʻlishi toʻgʻrisida prognoz bergan edi.

Toshkentda kecha, 9-yanvar kuni soat 22:00 dan boshlangan qor, shaharni oppoq choyshabiga oʻrab oldi.

Bugun ertalabdan qor qoplagan Toshkent manzaralarini fotoreportajimizda aks ettirishga harakat qildik.

Anomal sovuq tufayli xalqimiz salomatligi uchun koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, shunday fidoyi kasb egalari borki, ularning mehnatiga tahsin aytmaslikning iloji yoʻq. Ertalabdan ishga kelar ekanman, surat olish uchun sovuqdan ijirgʻanib qoʻlimni qoʻlqopimdan chiqargim kelmayotgan bir paytda koʻzim beixtiyor Obodonlashtirish xizmati xodimlariga tushib ketdi.

Ish ustidagi qor kurayotgan opani savolga tutdim.

— Uzoq yillardan beri Obodonlashtirish xizmatida ishlab kelaman,— deydi Dilrabo opa Yoʻldosheva — Shuncha yildan beri, nechta kishidan tana dashnom eshitdim, sanogʻi yoʻq. Mayli, 4 nafar qorakoʻzimni shu halol mehnatim bilan birovdan kam qil oʻstiryapman, menga shunisi muhim.

Obodonlashtirish xodimlari mavsum tanlamaydi. Ularga har doim ish topiladi. Jumladan, shu yil misolida qor kurash bilan boshlangan yil bahorda daraxt gullarining toʻkilishi, yoz mavsumida chiqindi, ayniqsa, suv idishlaridan koʻchalarni tozalash bilan ish qizgʻin davom ettiriladi. Kuzning ayni xazonrezgilikdan paytlari hammasidan ham qiyinroq ish vaqti hisoblanadi.

Ishchi xodimlardan ovqatlanish sharoitlari haqida soʻrar ekanmiz, ulardan biri bizni oshxona tomon boshladi.

Obodonlashtirish xodimlari uchun bir mahal issiq ovqat beriladi. Haftada osh, moshxoʻrda, mastava kabi 4-5 xil taom tayyorlanadi.

Xodimlarning soʻzlariga koʻra, ovqat mahsulotlari uchun har oyning boshida 50 ming soʻmdan pul yigʻiladi.

Obodonlashtirish xizmatida ishlayotganiga 14 yildan oshgan Abduvohid aka Niyozov 3 yildan beri oshpazlik qilib keladi. U ayni paytda tushlik uchun osh tayyorlamoqda.

Umida Sattorova, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер