Andijonda yuz nafar xotin-qiz IT yoʻnalishida taʼlim oldi
Foto: Xalq so‘zi
Andijon shahridagi Raqamli texnoparkda xotin-qizlarni IT yoʻnalishiga jalb etish, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan ushbu mutaxassislikni egallashlariga koʻmaklashish maqsadida xayrli ishga qoʻl urildi. Uch oy davomida yuz nafar opa-singillarimiz bu yerda tahsil olish bilan birga eng zamonaviy va bozorgir dasturlarni oʻzlashtirishga muvaffaq boʻldilar.

— Bugungi kunda zamonaviy kasblarni oʻzlashtirish mamlakat taraqqiyotining asosiy mezonlaridan biriga aylanib bormoqda, —deydi texnopark rahbari Ziyodillo Samatov. — Jumladan, yoshlarni IT yoʻnalishiga jalb etish orqali katta iqtisodiy imkoniyatlarni ishga solish mumkin. Bu borada viloyatda ibratli ishlar, istiqbolli loyihalar roʻyobga chiqarilmoqda. Biroq unda asosan erkaklarning ishtirok etishi xotin-qizlar oʻrtasida ayni sohada amaliy loyihalarni ishlab chiqishni taqozo etdi. Bundan uch oy muqaddam yangi loyiha eʼlon qilingach, 600 nafardan ziyod nomzodlar murojaat qildilar. Ular orasidan 100 nafari tanlab olinib, dastlabki koʻnikmalar berildi.
Quvonarlisi shundaki, tinglovchilar ushbu mashgʻulotlar davomida sohaga oid bilim olish bilan bir qatorda dasturlash boʻyicha ham oʻz bilimlarini oshirdi. Hozirga kelib ularning aksariyati oʻz buyurtmachisiga ega. Kelgusida Andijonda ushbu loyiha doirasida yana 200 nafar opa-singillarimiz IT yoʻnalishida saboq olishlari rejalashtirilgan.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring