Andijonda talabalar uchun turarjoy masalasi qay holatda?

19:03 04 Sentyabr 2023 Jamiyat
573 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Bugundan yangi oʻquv yili boshlandi. Oʻquvchilar sogʻingan maktabi sari oshiqayotgan bir paytda ayrim talabalar muammolar girdobida qolganligi ham rost. Boisi, har yilgidek yotoqxona masalasidagi savollarga toʻliq yechim topilgani yoʻq. Biroq, sezilarli oʻzgarishlar ham mavjud. Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Andijon viloyatida tashkil etilgan press tur shu mavzuga bagʻishlandi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Andijon davlat universitetida boʻldilar. Bu yerda 7 ming 705 nafar talaba tahsil olmoqda. Ulardan 3 ming 532 nafari turar joy bilan taʼminlangan. Buning uchun universitetda 6 ta yotoqxona faoliyat koʻrsatyapti. Yaqinda qurib foydalanishga topshirilgan davlat-xususiy sherikchiligi asosida faoliyat yurituvchi yotoqxona yana 600 nafar talabalarni oʻz bagʻriga oldi. 4 va 6 oʻrinli xonalarda dars tayyorlash, dam olish va ovqatlanish uchun yetarli sharoit mavjud. Shu bilan birga har bir qavatda umumiy dam olish, yuvinish, ovqatlanish, maishiy xizmat koʻrsatish xonalari, hojatxona mavjud boʻlib, eng soʻnggi rusumdagi jihozlar bilan taʼminlangan. Bundan tashqari mavjud 710 oʻrinli yotoqxonada taʼmirlash ishlari olib borilishi tufayli qulay sharoitlar yaratildi. Hozirda 1050 oʻringa moʻljallangan yangi turarjoy binosi qurilishi davom etmoqda.

Foto: “Xalq soʻzi”

Andijon davlat tibbiyot institutida salkam 10 ming nafar oʻgʻil-qizlar sifatli taʼlim bilan taʼminlangan. Yotoqxonada ehtiyojmand talabalar uchun 4 ta turarjoy mavjud. Ularda 1554 nafar yoshlar istiqomat qilishmoqda.

— Talabalar turarjoy majmuasida nafaqat, yashash uchun, balki darsdan tashqari vaqtlarda sport, fan va madaniyat bilan shugʻullanishlari uchun qulayliklar mavjud, — deydi institut axborot xizmati rahbari Oyjamol Rahmonova. — Hudud xavfsizligi zamonaviy kameralar orqali nazoratga olingan. Kirish va chiqish harakatlari maxsus dastur orqali roʻyxatga olinganligi bois qaysi talabaning qayerda ekanligi haqidagi maʼlumotlar bazasi mavjud. Yaqinda xorijlik talabalar uchun milliy oshxona barpo etildi. Bir soʻz bilan aytganda, istiqomat qiluvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Foto: “Xalq soʻzi”

Andijon mashinasozlik institutida talabalarni yotoqxona bilan taʼminlashda yagona elektron tizim ishlab chiqilgan. U orqali ariza berish, talabalar turar-joyi, shaxsiy xonadon yoki mehmonxonalardan joy band qilish, toʻlovni amalga oshirish mumkin. Tizimda talabaga oid maʼlumot va uning turarjoy bilan taʼminlanganlik holati avtomatik tarzda shakllantiriladi va har bir harakat yuzasidan murojaatchining telefon raqamiga yozma ravishda xabar yuboriladi.

— Institutimizda 1 ming 170 oʻrinli talabalar yotoqxonasi mavjud, — deydi institut axborot xizmati rahbari Umidjon Mamarasulov. — Biroq, ijara xonadonlarda yashashni xohlovchilar ham yoʻq emas. Shu bois shaxsiy xonadonlar roʻyxati shakllantirilgan boʻlib, joriy oʻquv yili boshida 400 oʻrinli ijara uylar roʻyxati talabalarga taqdim etildi. 398 nafar murojaat qilgan yigit-qizlarning barchasi turarjoy bilan taʼminlandi. Hozirda yana oʻnlab ijara uylar roʻyxati mavjud boʻlib, talabalar istagan paytida turar-joyini oʻzgartirish imkoniga egalar.

Foto: “Xalq soʻzi”

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bu yil Andijon viloyatida talabalar turarjoy masalasida muammoga duch kelmadilar. Oʻquv yili boshlanmasidan avval mavzuga doir barcha masalalar ijobiy hal etildi. Qurilish ishlari davom etayotgan yangi loyihalar esa kelgusi oʻquv yilidan boshlab ijara xonadonlarda yashovchi farzandlarning ham talabalar turar-joylariga koʻchib oʻtish imkonini beradi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер