Andijonda pavloniya gulladi

22:15 30 Mart 2026 Jamiyat
348 0

Dunyoda shunday goʻshalar borki, u yerlarda muayyan daraxtlar nafaqat tabiatning bir boʻlagi, balki sayyohlarni oʻziga rom etuvchi jozibaga aylangan. Masalan, Yaponiyada sakura gullagan palla butun mamlakatni goʻyo pushti rangga burkab, millionlab mehmonlarni jalb etadi. Germaniyaning ayrim hududlarida olcha gullashi ham bahor faslining oʻziga xos timsoli sifatida namoyon boʻladi. Janubiy Koreya, Fransiya, Turkiya kabi davlatlarda gullagan daraxtlar atrofida sayyohlik muhiti shakllangan. Endi bu roʻyxatga Andijon ham munosib qoʻshilmoqda.

Ayni kunlarda Andijon viloyati koʻchalarida pavloniya daraxtlari qiygʻos gullab, bahorning ajib manzarasini namoyon etmoqda. Koʻk va binafsha tusga yaqin qoʻngʻiroqsimon gullar shaharga oʻziga xos latofat bagʻishlamoqda. Ushbu goʻzal manzarani tomosha qilish uchun nafaqat mahalliy aholi, balki qoʻshni Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻistondan, hatto Rossiya Federatsiyasidan ham sayyohlar tashrif buyurayotgani eʼtiborga loyiq. Bu esa pavloniyaning nafaqat manzarali, balki turizm uchun ham katta imkoniyat ekanini koʻrsatadi.

— Pavloniya daraxti juda tez oʻsuvchi va yuqori ekologik samaradorlikka ega oʻsimlik hisoblanadi, — deydi viloyat Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi xodimi Lochinbek Isomiddinov. — U bir yilda oʻrtacha 3–5 metrgacha oʻsishi mumkin. Eng muhim jihati, bu daraxt katta hajmda kislorod ajratib, atmosferani tozalashga xizmat qiladi. Ilmiy maʼlumotlarga koʻra, pavloniya bir gektar maydondagi boshqa koʻplab daraxtlarga nisbatan bir necha barobar koʻproq kislorod ishlab chiqaradi. Shuningdek, u karbonat angidridni faol yutib, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda ham muhim ahamiyatga ega. U issiqlikka chidamliligi bilan ham ajralib turadi. U +40 daraja va undan yuqori haroratlarga ham bardosh bera oladi, bu esa Oʻzbekiston iqlimi uchun juda mos keladi. Daraxtning yogʻochi yengil, mustahkam va qayta ishlashga qulay boʻlgani uchun mebelsozlik, qurilish, avtomobilsozlik, kemasozlik hamda qogʻoz sanoatida keng qoʻllanilishi mumkin.

Soʻnggi yillarda Andijon viloyatida pavloniya ekish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, keyingi olti yil davomida ushbu daraxt koʻchatlari keng koʻlamda ekilib, bugun viloyatning deyarli barcha shahar va tumanlarida uning barq urib rivojlanayotganini kuzatish mumkin. Koʻchalar, bogʻlar, mahallalar va ijtimoiy obyektlar atrofida minglab pavloniya koʻchatlari parvarish qilinmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, pavloniya nafaqat manzarali daraxt, balki iqtisodiy jihatdan ham foydali loyiha hisoblanadi. U tez oʻsishi sababli qisqa vaqt ichida xomashyo manbai sifatida xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga, shahar muhitini sogʻlomlashtirish, havo sifatini yaxshilash va aholiga qulay yashash sharoitini yaratishda muhim omildir.

Xulosa qilib aytganda, bugun pavloniya daraxti Andijon viloyatida nafaqat bahor timsoli, balki turizmni rivojlantirish, ekologik musaffolikni taʼminlash, ijtimoiy muhitni yaxshilash va iqtisodiy salohiyatni yuksaltirishga xizmat qilayotgan muhim omilga aylanmoqda. Uning gullagan fasli esa tabiat va inson oʻrtasidagi uygʻunlikni yana bir bor namoyon etadi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер