Andijonda pavloniya gulladi
Foto: «Xalq soʻzi»
Bugun Andijon viloyati, ayniqsa, viloyat markazi oʻzgacha qiyofada. Boisi, koʻklamga serjilo oro berguvchi pavloniya daraxtlari qiygʻos gulladi. Uzoq Sharq, Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlarida oʻsuvchi ushbu daraxt bundan besh-olti yil muqaddam Andijon viloyatida ham ommalasha boshladi. Sababi, u mavjud daraxtlar orasida eng tez oʻsuvchanlik xususiyati bilan bir qatorda qimmatli yogʻoch, asal, biomassa manbai ekanligi bilan qadrlidir. Sanoatda oʻz ahamiyatiga molik ushbu daraxt fusunkor manzarasi bilan ham ajralib turadi. Shu bois u Shimoliy Amerika hamda koʻplab Yevropa mamlakatlarida madaniyat va istirohat bogʻlariga koʻrk berib kelmoqda.
— Pavloniya dunyodagi eng tez oʻsar daraxt hisoblanadi, — deydi Tabiat resurslari vazirligi Andijon viloyati boshqarmasi xodimi Lochinbek Isomiddinov. — Birinchi yilning oʻzidayoq besh metrgacha boʻy choʻzadi va shu yilning oʻzida har bir tupi bir tonnagacha biomassa beradi. Guli bir oy davomida toʻkilmaydi va undan kosmetika sohasida keng foydalanish mumkin. Xorijda iforidan atir ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Bir tup daraxtning oʻzidan 15. kg.gacha asal olsa boʻladi. Tanasi olovga bardoshli boʻlib, 450 gradusgacha yonmaydi. Bu jihati boshqa daraxtlarga nisbatan teng barobar ortiqdir. Shu bilan birga koʻmir oʻrnida foydalansa boʻladi. Koʻmirdan afzal tomoni oʻzidan kul qoldirmaydi. Sanoatda eng qimmat taxta xom ashyosi ham pavloniyadan olinadi. Kemasozlikda keng qoʻllanilishining oʻziyoq uning qadri nechogʻli yuksak ekanligidan dalolatdir. Mamlakatimiz boʻylab davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi pavloniya daraxtini yanada ommalashtirmoqda. Hudud ekologik muhitini yaxshilashga sezilarli darajada taʼsir etuvchi xususiyati barchani koʻchat ekish mavsumida faol ishtirok etishga undamoqda. Jumladan, “Andijon suv taʼminoti” MCHJ tomonidan ham pavloniya plantatsiyasi yaratildi.
— Oʻtgan yili “Yangi Andijon” massividagi hali oʻzlashtirilmagan adirlikda 30 sotix maydonga 150 tup pavloniya koʻchatlarini oʻtqazdik, — deydi jamiyat xodimi Marhaboxon Nasriddinova. — Alohida eʼtibor, parvarishga muhtoj emasligi tufayli barcha koʻchatlar benuqson oʻsyapti. Afzallik jihatlarini inobatga olgan holda bu yil ham shahar va tumanlardagi filiallarimiz maydoniga 2000 tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi va ularning aksariyatini pavloniya tashkil etdi.
Pavloniya koʻchatlari yetishtiruvchi mutaxassislarning maʼlum qilishlaricha, uchinchi yildan boshlab uning tanasidan turli maqsadlarda foydalanish mumkin. Mebelsozlikda qimmatli xom ashyo boʻlish bilan bir qatorda bargidan ozuqa sifatida ham foydalansa boʻladi. Ildizidan yaprogʻigacha foyda keltiruvchi bu daraxt ayni paytda Andijon shahriga oʻzgacha fayz kiritmoqda. Yoz faslida salqin haroratni taʼminlashi bilan hudud iqlimiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatyapti.
— Andijon viloyatida har yili oʻrtacha 20 ming tup Pavloniya daraxtlari koʻchatlari oʻtqazilmoqda, — deydi suhbatdoshimiz, ekolog Lochinbek Isomiddinov. — Bugungi kunga kelib ularning soni 500 ming tupdan ziyod. Har yili davom etayotgan koʻkalamzorlashtirish harakatlari bu raqamlar soni kelgusida keskin ortishidan dalolatdir.
Bir soʻz bilan aytganda, endi Andijonning bahorini pavloniyasiz, pavloniyani esa Andijonsiz tasavvur etish mushkul.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring