Andijonda korxonalar tungi smenaga oʻtmoqda

17:53 04 Oktyabr 2023 Jamiyat
595 0

Viloyatda aksariyat ishlab chiqarish korxonalari oʻz faoliyatini 3-smenada davom ettira boshladi. Bu elektr energiyasidan unumli foydalanish orqali taʼminotdagi uzilishlarning oldini olishga qaratilgan.

— Tungi smenada ishlashning afzallik jihatlaridan biri shundaki, bu paytda elektr energiyasi tabaqalashtirilgan tarif asosida hisoblanadi,—deydi “Oʻzenergiyainspeksiya”ning Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Sherzodbek Mirzajonov. –Bu esa elektr energiyasi uchun sarf-xarajatni 1,5 barobarga arzonlashtirish imkonini beradi. Oʻz oʻrnida mahsulot tannarxi ham arzonlashadi. Qolaversa, tungi vaqtda elektr energiyasi sifatli boʻlgani uchun texnik vositalar yuqori kuchlanishlarsiz bir maromda ishlaydi.

Ayni paytda viloyatda 5,5 mingdan ziyod sanoat korxonalari mavjud. Ularning 145 tasi uch smenali ish tartibi asosida faoliyat yuritmoqda. Kunduzgi smenada ishlayotgan 81 ta korxona ish tartibi ham tungi smenaga oʻtqazilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, viloyatda ishlab chiqarish korxonalari ish faoliyatini tungi smenaga oʻtqazish orqali 21 mingta aholi xonadonlarida elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlarga barham berish imkoniyati yaratildi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер