Andijonda gumonlanuvchi er xotinining boʻyniga pichoq urib oʻldirdi
Andijon shahrida oilaviy janjal oqibatida ayol kishi vafot etdi. Maʼlumotlarga koʻra, 2025-yil 4-iyul kuni soat 09:30 larda Andijon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro oʻz turmush oʻrtogʻi bilan janjallashib qolgan.
Oʻrikzor mahallasi hududida sodir boʻlgan nizo vaqtida erkak kishi 1982-yilda tugʻilgan rafiqasining boʻyin qismiga xoʻjalik pichogʻi bilan zarba bergan.
Ogʻir tan jarohati olgan ayol voqea joyida halok boʻlgan. Hodisadan soʻng gumonlanuvchi shaxs voqea joyidan yashirinib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va gumonlanuvchini qidirish ishlari boshlangan.
Tezkor tadbirlar davomida gumonlanuvchi Andijon viloyati Oltinkoʻl tumani Koʻmakay mahallasi hududida tungi xizmatga jalb qilingan ichki ishlar xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.
Hozirda shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan boʻlib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring