Andijonda yerdan noqonuniy foydalangan shaxslarga nisbatan javobgarlik belgilanmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi, uning tuman, shahar boʻlimlari tomonidan kadastr sohasiga oid meʼyoriy hujjatlar ijrosini taʼminlash, tizimda olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, yerlarning hisobini yuritish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, noqonuniy foydalanish va uni muhofaza qilish, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi maydonidan oqilona hamda samarali foydalanishni targʻib etishga qaratilgan keng koʻlamli targʻibot ishlari olib borilayotganiga qaramay, qonunbuzarlik holatlari aniqlanmoqda. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida olib borilgan yer nazorati tadbirlari natijasida 1535 ta holatda 101,5 gektar yer maydonidan noqonuniy foydalanilayotganligi aniqlandi.
— Misol uchun, Oltinkoʻl tumanidagi “Dalvarzin” mahallasi hududida joylashgan 0,02 gektar yer maydonini “Qoʻshtepa” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi fuqaro E. N oʻzboshimchalik bilan egallab, uy-joyga moslashgan holda qurilish ishlarini boshlab yuborgan,—deydi kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi Mahamadjon Hamdamov. —Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Mustaqillikning 15 yilligi” mahallasi hududida olib borilgan yer nazorati tadbirlari natijasida ham shu kabi holatga duch kelindi. Yaʼni, shu hududda yashovchi fuqaro A.T Qorasuv shahar tibbiyot birlashmasi hisobida boʻlgan yer maydonida qurilish ishlarini olib borgan. Boʻston tumanidagi “Agropilla” MCHJ tasarrufidagi 2,4 gektar yer maydonining 80 kv metr qismi ham fuqaro O. M. tomonidan oʻzlashtirib olinganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, aniqlangan yerga oid qonun buzilish holatlarining 1138 tasi hududiy kadastr inspektorlari tomonidan olib borilgan tushuntirish-targʻibot ishlari natijasida ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi. 94 ta holatdagi oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yerni rasmiylashtirish boʻyicha prokuraturaga, 246 ta qonun buzilish holatini bartaraf etish maqsadida sud idoralariga daʼvo arizalari kiritildi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring