Andijonda “Eng yaxshi koʻp kvartirali uyni boshqarish organi” respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon shahrida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi koʻp kvartirali uyni boshqarish organi” respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.
— Unda tanlovning birinchi bosqichlaridan eng yuqori natijalarga erishib, keyingi bosqichga oʻtgan 6 ta boshqaruv servis kompaniyalari ishtirok etdi, — deydi viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi xodimi Rustamjon Eshonov. — Yakuniy natijaga koʻra, Andijon shahrida faoliyat olib borayotgan “Shinam mahalla” boshqaruv kompaniyasi gʻolib deb topilib, respublika bosqichiga yoʻllanma oldi.
Tadbir ishtirokchilari oʻz chiqishlari orqali koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholiga sifatli xizmat koʻrsatish borasidagi tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Ularning sohada erishgan yutuqlari, aholi minnatdorligi va kelgusi rejalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlari hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi.
Gʻolib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring