Andijonda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bo‘ston tumani bo‘limi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorligida o‘tkazilgan reyd tadbirida “A.F” MCHJ mas’ul shaxslari va boshqalar MCHJ ishlab chiqarish sexidagi elektr hisoblash uskunasi nazorat muhrni buzib, elektr energiyadan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,3 mlrd so‘m zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Departamentning Andijon shahar bo‘limi va “Hududgaz Andijon” GTF xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan reyd tadbirida “A.S.” NTM mas’ul shaxslari va boshqalar “Do‘stlik” MFY hududidagi ta’lim muassasasini umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab, jami 628,1 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Xonobod shahar bo‘limi, IIB va viloyat ETK xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “X.A.” MCHJ mas’ul shaxslari va boshqalar, MCHJning savdo markazida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 406,5 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring