Andijonda ayiq hamlasi tufayli bir odam oʻlgani rostmi?

12:55 06 Yanvar 2023 Jamiyat
1158 0

Foto: Xalq so‘zi

Ijtimoiy tarmoqlarda andijonlik fuqaro ayiq hamlasi tufayli olamdan oʻtganligi haqidagi xabarlar tarqaldi.

«2023-yil 3-yanvar kuni soat 16:00 larda Xoʻjaobod tumani “Mustaqillikning 27 yilligi” MFY hududida joylashgan “Usmonobod Fayzi” MCHJga qarashli “Andijon hayvonot bogʻi” ishchisi A. G. shu yerda saqlanayotgan yovvoyi ayiq hayvoniga ozuqa berish maqsadida uning qafasiga kirgan vaqtida ayiq unga tashlanib, boʻyin qismidan tishlab olishi oqibatida ogʻir tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan», deya izoh beradi Andijon viloyat IIB matbuot xizmati oʻz munosabatida.

Ayni paytda ushbu holat yuzasidan Xoʻjaobod tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Kezi kelganda aytish joizki, bu ushbu hayvonot bogʻida hayvonlar tomonidan ishchilarga nisbatan qoʻllanilgan birinchi hamla emas. 2018-yilning 30-dekabr kuni soat 20:50 larda ham aynan mana shu hayvonot bogʻida qorovul boʻlib ishlagan, Xoʻjaobod tumanidagi “Koʻprikboshi” MFYda yashovchi 45 yoshli X. A. yemish berish maqsadida qafasga kirgan paytida «Simba» laqabli sher uning chap oyogʻi son qismidan tishlab, kuchli tan jarohati yetkazgan. Natijada ishchi vafot etgan edi. Bu kabi holatning takrorlanishi bogʻ maʼmuriyati tomonidan ishchilarning faoliyat yuritishga doir harakatlarini tartibga solish, yirtqich hayvonlar bilan muomala qilish tartiblarini oʻrgatish, umuman olganda, jonzotlarni ovqatlantirish harakatlari bu borada yetarli maʼlumot va koʻnikmaga ega masʼullar tomonidan amalga oshirilishini nazorat qilish muhimligidan dalolatdir.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер