Andijon shahrida “Aqlli turargohlar” barpo etiladi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon shahrida rossiyalik investorlar bilan hamkorlikda zamonaviy “Aqlli turargohlar” qurish yuzasidan kelishuvga erishildi. Loyiha doirasida yoʻlovchilar va transport vositalari harakati jadal boʻlgan 6 ta hududda 2647 oʻrinli turargohlar barpo etiladi. Ular 5 qavatdan 24 qavatgacha boʻlib, intellektual boshqaruv texnologiyalari asosida faoliyat yuritadi.
— Bu turargohlar mavjud imkoniyatlarni toʻrt barobarga oshiradi, —deydi sarmoyador Inna Ten. — Masalan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Andijon filiali hududidagi 90 oʻrinli avtoturargoh oʻrniga 360 oʻrinli turargoh barpo etiladi. Bu nafaqat shifoxona, balki butun shahardagi transport harakatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Kelgusida Bobur shahrida 5 gektar maydonda 20 million dollarlik avtoturargoh konstruksiyalari ishlab chiqaruvchi korxona ham qurilishi koʻzda tutilgan. Bu loyiha foydalanishga topshirilgach, mamlakat boʻylab zamonaviy, aqlli va modulli turargohlar sonini koʻpaytirish imkoniyati yaratiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring