Andishani unutmayapmizmi?

15:04 06 Avgust 2024 Jamiyat
321 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Dunyoga mashhur adib Chingiz Aytmatov tabiatni asrash borasida kuyinchaklik bilan “Har bir daraxt, zilol suvli ariq boshiga bittadan nazoratchi qoʻyishning imkoni yoʻq. Tabiatga daxldorlik, tabiat neʼmatlarini asrashga boʻlgan qorovullik tuygʻusi qalbimizda boʻlishi zarur”, deya yozgandi.

Darhaqiqat, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy boyliklarni kelgusi avlodlarga yetkazishda har birimiz masʼulmiz. Shu bois bunday tarbiya har bir oila, taʼlim muassasasi va mahallada shakllantirilishi hamda bu borada doimiy jamoatchilik nazorati oʻrnatilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Fargʻona shahar markazidagi madaniyat koshonasida oʻtkazilgan konsert dasturidan keyin obodonlashtirish sohasi xodimlari yigʻlagudek boʻladi: daraxtlar va gullarni suv bilan taʼminlaydigan ariqlar turli chiqindilar bilan toʻlgan, oʻrindiqlar tagida yeguliklar qoldiqlari qalashib yotibdi… Soʻlim xiyobonda ayollar teleserial voqealari, ijtimoiy tarmoqdagi shov-shuvli xabarlarni muhokama qilish bilan band, bolalari gulzorni payhon qilayotganiga esa eʼtibor ham bermaydi.

Bejirim kiyingan ayol koʻchada farzandiga shirinlik olib berib, qogʻozini hech bir xijolatsiz yerga uloqtirib ketadi. Vaholanki, ikki qadam narida chiqindi tashlashga moʻljallangan idish oʻrnatilgan.

Fargʻona viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Gulnoza Toʻxtasinovaning maʼlum qilishicha, joriy yilning olti oyida aynan tabiatga bepisand munosabatda boʻlishning oldini olish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda 2 ming 100 ga yaqin reyd tashkil etilib, 2 ming 39 ta holatda huquqbuzarliklar aniqlandi.

Chiqindilarni yigʻish, qayta ishlash sohasida 34 ta tadbirkorlik subyekti faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 18 ta chiqindi poligonida jahon tajribasi asosida bosqichma-bosqich qayta ishlash korxonalari tashkil etilyapti. Ayni paytda yiliga 11499,7 tonna chiqindini qayta ishlash imkoniyati mavjud. Maishiy va qattiq chiqindilar uchun elektron toʻlov tizimi joriy etilgan.

Taʼkidlash joiz, davlatimiz rahbarining 2021-yil 29-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra, istirohat bogʻlari, xiyobonlar va bozorlarda jamoat tartibini saqlashni tashkil etish bevosita Milliy gvardiya zimmasiga yuklangan. Ayni jarayonda tabiat muhofazasi boʻyicha ekopatrullar faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan.

Fargʻona viloyati boʻyicha Milliy gvardiya boshqarmasi tomonidan hududlarda ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazishning oldini olish ishlari doimiy nazoratda. Hozirda viloyat IIB, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi hamda Milliy gvardiya tomonidan imzolangan qoʻshma qarorga asosan tuzilgan ekopatrul guruhlari barcha hududlarda faoliyat olib bormoqda. 2024-yilning birinchi yarim yilligida bunday holatlar yuzasidan viloyatda 2,5 ming nafarga yaqin fuqarolarga nisbatan maʼmuriy choralar qoʻllanildi.

— Quvasoy shahrining “Guliston” MFY hududida oʻtkazilgan tadbirda 3 nafar tadbirkor tomonidan tabiatga nisbatan beparvo munosabatda boʻlish holatiga barham berildi, — deydi Fargʻona viloyati boʻyicha Milliy gvardiya boshqarmasi mutaxassisi Shermuhammad Dehqonov. — Tadbirkorlik subyektlari hududida bir oy davomida yigʻilib qolgan chiqindilar tashib ketildi, yashil maydonlar tozalandi. Tadbirkorlar bunday holat yana takrorlansa, jiddiy chora koʻrilishi haqida ogohlantirildi.

Tabiat – hayot, tiriklik manbai. Shu maʼnoda, tabiatga otilgan kichik bir kesak, xarsangtosh boʻlib qaytib kelishi, boshimizni yorishini unutmasligimiz lozim. Dunyoda yuzaga kelgan ekologik muammolar barchamizga tabiat neʼmatlarini avaylab-asrash, tabiatga mehr kerakligini anglatmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер