Amir Temur tavalludining 690 yilligi: Yangi Oʻzbekistonda buyuk davlatchilik merosiga yuksak ehtirom

21:23 16 Aprel 2026 Siyosat
252 0

Bu yil mamlakatimizda buyuk davlat arbobi, mahoratli sarkarda va ilm-fan hamda madaniyat homiysi Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda. Ushbu muhim sana davlatimiz rahbari tashabbusi bilan milliy va xalqaro darajada yuksak saviyada nishonlanmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori mazkur yoʻnalishdagi ishlarga mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Mazkur qarorga muvofiq yurtimizda Amir Temurning boy ilmiy, maʼnaviy va madaniy merosini chuqur oʻrganish, uni keng targʻib qilish hamda yosh avlod ongiga singdirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, poytaxtimiz Toshkent shahrida joylashgan Temuriylar tarixi davlat muzeyining qisqa muddatda kapital taʼmirdan chiqarilishi, Amir Temur haykali atrofidagi xiyobonda amalga oshirilgan keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari, shuningdek, tarixiy shaxs siymosini ochib beruvchi badiiy va hujjatli filmlar yaratilishi ushbu saʼy-harakatlarning yorqin namunasidir.

Yurtimiz boʻylab oʻtkazilayotgan tadbirlarda Oliy Majlis Senati aʼzolari, olimlar va jamoatchilik vakillari faol ishtirok etmoqda. Jumladan, aholi bilan uchrashuvlarda Amir Temurning davlatchilik anʼanalarini shakllantirishdagi beqiyos oʻrni, uning boshqaruv tamoyillari va strategik fikrlash madaniyati batafsil tushuntirilmoqda.

Shuningdek, mahalliy va xalqaro miqyosda oʻtkazilayotgan ilmiy-amaliy anjumanlar doirasida Amir Temur merosi zamonaviy davlat boshqaruvi nuqtayi nazaridan qayta tahlil qilinmoqda. Xususan, Oliy Majlis Senatida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Tarix instituti bilan hamkorlikda “Amir Temurning hayotiy saboqlari: muvaffaqiyat va kuch-qudrat manbai” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya yuqori saviyada tashkil etildi.

Anjumanda Amir Temur va temuriylar davrida davlatchilik asoslarini mustahkamlash, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, soliq tizimini takomillashtirish hamda ilm-fanni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar atroflicha yoritildi. Ushbu tarixiy tajriba bugungi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida, jumladan parlamentarizm va qonun ijodkorligi jarayonlarida muhim nazariy va amaliy manba sifatida xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.

Ayniqsa, “Temur tuzuklari”da ifodalangan adolat, insof, intizom va masʼuliyat tamoyillari bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish, mahalliy boshqaruvni rivojlantirish va inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan islohotlarda dolzarb ahamiyat kasb etdi.

Xalqaro miqyosda ham Amir Temur shaxsi va uning davlatchilik merosiga boʻlgan qiziqish ortib bormoqda. Qator xorijiy davlatlarda ilmiy konferensiyalar, koʻrgazmalar va madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda. Bu esa Amir Temurning jahon sivilizatsiyasidagi oʻrni va nufuzi yanada yuksak eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi.

Bugungi Yangi Oʻzbekistonda Amir Temur nafaqat tarixiy shaxs, balki kuchli davlatchilik, adolatli boshqaruv va milliy gʻurur ramzi sifatida qadrlanmoqda. Uning boy merosi xalqimiz maʼnaviy hayotida, davlat boshqaruvi tizimida hamda yosh avlod tarbiyasida mustahkam oʻrin egallamoqda.

Mazkur yubiley tadbirlari buyuk ajdodimiz xotirasini ulugʻlash, uning merosini chuqur oʻrganish va uni zamonaviy taraqqiyotga uygʻunlashtirish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер