“Amerika orzusi chippakka chiqdi”: Fuqarolarni noqonuniy yoʻllar bilan AQSHga yubormoqchi boʻlgan shaxslar qoʻlga olindi

10:03 01 May 2025 Jamiyat
373 0

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi, deb xabar bermoqda “OʻzA” axborot agentligi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirda aniqlanishicha, Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi, 1990-yilda tugʻilgan shaxs Navoiy shahrida yashovchi fuqaroni “Turkiya-Yevropa-Meksika” yoʻnalishi orqali Amerika Qoʻshma Shtatlariga yuborish evaziga 28 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 14 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax viloyati boʻyicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida yashovchi, 2000-yilda tugʻilgan, muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun bir necha marotaba sudlangan shaxs Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, uni Qoʻshma Shtatlarga yuborish va viza hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 35 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida qoʻlga olingan.

Shu kabi yana bir holat, Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida ham kuzatilgan. Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida yashovchi, 2000-yilda tugʻilgan shaxs mahalliy fuqaroni “Turkiya-Ispaniya-Meksika” yoʻnalishi orqali Amerikaga ishlash maqsadida yuborish uchun mansabdor tanishlari orqali viza rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSH dollari va 26 million soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida yashovchi, 1995-yilda tugʻilgan shaxs Shirin shahrida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Amerika Qoʻshma Shtatlariga ishga yuborish hamda viza va boshqa hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 38 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 52 million soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

“Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Hurmatli fuqarolar xorijiy davlatlarga ishga yuborish bilan bogʻliq shubhali takliflar bildirayotgan firibgarlarning soʻzlariga aldanib, oʻz hayotingizni xavf ostiga qoʻymang, ogoh boʻling”, — deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер