Allergiya sizni bezovta qilmasin
Bugungi kunda butun dunyoda ekologiyaning buzilishi, ishlab chiqarishda har xil kimyoviy vositalarning me’yoridan ortiq qo‘llanilishi, shuningdek, noto‘g‘ri ovqatlanish, gigiyenik talablarga amal qilmaslik insonlarda turli allergik kasalliklarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Yurtimiz aholisi uchun ham bu muammo begona emas. Respublikamizning deyarli barcha hududida turli korxonalar, zavodlar ishlamoqda, ko‘chalarimizni to‘ldirib mashinalar harakatlanadi. Odamlar tibbiy madaniyatga yetarlicha e’tibor qaratmayapti. Bunday holatlar esa har xil allergik kasalliklarning ko‘payishiga zamin yaratadi.
Shuni aytish kerakki, bu borada soha taraqqiyotiga e’tiborsizlik ushbu omillarning eng achinarlisi edi. Allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash hamda profilaktika qilish sohasida jiddiy muammolar saqlanib qolayotgandi. Jumladan, allergologiyaning fundamental va amaliy asoslari rivoji tibbiyotdan uzilib qolgan, sohada malakali vrach-allergolog va immunologlar yetishmas, tibbiyot muassasalarini davolash-diagnostika allergenlari bilan ta’minlashda turli kamchiliklar ko‘zga tashlanardi. Shu bois Prezidentimizning 2018 11 maydagi “Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini nafaqat shifokorlar, balki mamlakatimizdagi har bir inson katta xursandchilik bilan kutib oldi.
Mazkur hujjat yurtimizda ixtisoslashtirilgan allergologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish, allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolashda ilg‘or uslublarni joriy etish, shuningdek, sohada faoliyat ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlash bilan bog‘liq barcha masalani kompleks tarzda hal etishiga ko‘ra juda ahamiyatlidir.
Qarorga muvofiq, endilikda Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi tomonidan sohada fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish asosida allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga molekulyar tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha yagona markazlashtirilgan tizim yaratilib, allergik kasalliklarni erta aniqlovchi skrining dasturlari joylarda bosqichma-bosqich joriy etiladi. Biotibbiyotning umumjahon yutuqlari asosida allergik kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha innovatsion usullar ishlab chiqiladi.
Hujjatda klinik allergologiya va immunologiya sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan, qayta tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan muassasalar yetakchi xorijiy tibbiyot ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishi, soha rivojiga xorijiy davlatlar, xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlari (qarzlari) va grantlarining jalb qilinishi belgilangan.
Allergik kasalliklarni erta aniqlash uchun 18 yoshga to‘lmagan va xavf ostida bo‘lgan bolalarni 2019 yil 1 yanvardan 1 iyulgacha bepul tekshirish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi o‘tkazilishi ham xalqimizni mamnun etgan tadbirlardan yana biridir. Chunki ko‘pchiligimiz farzandlarimizda kuzatilayotgan tomoq qichishi, terida shish yoki toshmalar paydo bo‘lishi, aksirish, ko‘z va burun shilliq qavatidagi o‘zgarishlarni ko‘rib, ularni shamollash yoki boshqa kasalliklarga qarshi dori vositalari ichishga majburlaymiz. Ular aynan allergik kasalliklarning belgilari ekanligi haqida esa o‘ylamaymiz. Umumdavlat aksiyasi bu boradagi muammolarni o‘z vaqtida hal etish imkonini beradi.
Mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy zonalar hududida allergiyaga qarshi dori vositalari, profilaktika rekombinant allergiya vaksinalari, davolash va tashxis qo‘yish allergenlari ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi, Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida laboratoriya amaliyoti xalqaro andozalarga (GLP) javob beradigan zamonaviy yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan klinik-immunologiya laboratoriyasining tashkil etilishi, Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida allergologiya va klinik immunologiya kafedrasining ochilishi, magistrlarning tayyorlanishi soha istiqbolidan dalolatdir.
Yurtimizda allergen o‘simliklar changi to‘planishini kuzatishni hamda muayyan hududda allergiya patologiyasi bilan kasallangan bemorlarni xabardor qilishni nazarda tutadigan aerobiologik monitoring tizimining, shuningdek, aholi “allergik pasporti”ning ishlab chiqilishi va boshqa zarur chora-tadbirlar kelajakni sog‘lom asosda barpo etish, jismonan baquvvat, aqlan yetuk avlodni kamolga yetkazishga xizmat qiladi. Zero, ertasini o‘ylagan xalqning yo‘li doimo oydin, manzili nurafshondir.
Munis MUHSINOV,
oliy toifali allergolog-shifokor.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring