Aktam Haitov: Jamoatchilik palatasi: jamiyatni islohotlar tashabbuskoriga aylantiradi

10:49 28 Aprel 2020 Siyosat
1849 0

Joriy yilning 16-aprel kuni Prezidentimiz “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi muhim hujjatni imzoladi. Ushbu dolzarb masala dastlab davlatimiz rahbarining shu yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida ham oʻz ifodasini topgan edi.

Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan “Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazish majburiyligini aniq belgilab berish” muhimligi qayd etilib, jamoatchilik palatasi tashkil etish yuzasidan taklif bayon qilingandi.

Biz mazkur yangi tuzilma aholining davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirishda amaliy mexanizm boʻlishiga qatʼiy ishonamiz.

Aytish joizki, Murojaatnomada ilgari surilgan “Jamiyat–islohotlar tashabbuskori” degan ezgu gʻoya asosida qabul qilingan mazkur farmon davlat boshqaruv organlari ustidan jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirib, jamiyat hayotini demokratlashtirishga qaratilgan jamoatchilik faoliyatini tashkil etishni yangi bosqichga olib chiqdi. Xususan, mamlakatimizda jamoatchilik palatasi institutiga huquqiy maqom berilishi bilan, eng avvalo jamoatchilik nazorati huquqiy meʼyorlar asosida oʻzaro tartibni va jamiyatda barqarorlikni taʼminlashga keng imkoniyat yaratildi. Chunki jamoatchilik palatasining faoliyati umummanfaat yoʻlida amalga oshirilishi sababli quyidagi jihatlarni ustuvor, deb biladi.

Birinchidan, jamoatchilik palatasi fuqarolarning qiziqishlari, intilishlari, ehtiyoj va manfaatlarini himoya qiladi.

Ikkinchidan, davlat nazorati faoliyatidan farqli ravishda fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakat taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan har qanday saʼy-harakatlarini birlashtiradi.

Uchinchidan, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishni, davlat va jamiyat taraqqiyotida fuqarolarning daxldorlik hissini uygʻotishni ragʻbatlantiradi.

Farmonga muvofiq, jamoatchilik palatasi quyidagi yoʻnalishlarda oʻz faoliyatini tashkil etmoqda. Jumladan, davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini taʼminlash orqali ularning jamiyat va davlatni rivojlantirishga qaratilgan faoliyatini birlashtiradi. Aholining ijtimoiy fikrini tizimli oʻrganib, joylarda jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qiladi. Ularning yechimi bilan bogʻliq masalalarda tegishli tartibda takliflar kiritib boradi.

Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir ilmiy tadqiqot ishlarini yoʻlga qoʻyib, taklif va tavsiyalar ishlab chiqish boʻyicha tegishli tartibda tizimli ishlarni amalga oshiradi. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruv organlari bilan hamkorlik darajasi, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qoʻshayotgan hissasini baholovchi koʻrsatkichlarni ishlab chiqadi.

OʻzLiDeP Jamoatchilik palatasi ishida faol ishtirok etadi. Negaki partiyamiz fuqarolar, jamiyat va davlat oʻrtasida oʻzaro hamkorlik oʻrnatishdan hamda davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdan manfaatdor. Boisi mazkur palata mamlakatimizda boshqaruv tizimi sifatini oshirish va jamiyatda eng muhim boʻlgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyilini toʻla qaror toptirishga xizmat qiladi.

Bu borada OʻzLiDeP xalq bilan muloqot qilishning samarali tizimini yaratish Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish asoslaridan biri hisoblanadi, degan qatʼiy pozitsiya tarafdoridir. Oʻz navbatida, OʻzLiDeP parlament va Xalq deputatlari Kengashlarida davlat organlari rahbarlari va hokimlarning fuqarolar tomonidan koʻtarilgan dolzarb muammolari boʻyicha hisobotlarini muntazam ravishda eshitishni yoʻlga qoʻyishga harakat qiladi.

Ishonamizki, partiya aholining eng muhim muammolarini hal etish orqali oʻzining saylovoldi vaʼdalarini amalda bajaradi, xalqimiz bildirgan ishonchni oqlaydi va ushbu ishonchni yana-da mustahkamlaydi.

Umuman olganda, Jamoatchilik palatasining tashkil etilgani jamiyat ijtimoiy hayotida qonun ustuvorligini taʼminlash, davlat hokimiyati boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini oshirish hamda eng muhimi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер