“Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida “Ochiq eshiklar” kuni oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Navoiy viloyatida Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi tomonidan “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida “Ochiq eshiklar” tadbiri oʻtkazildi.
Unda kengashning shuba mudiri Feruz Hasanov maʼruza qilib, korrupsion munosabatlarning yuzaga kelish tarixi, yaqin-yaqinlargacha unga qarshi kurashishda turli idoralar vakolatlarining belgilanmaganligi, yagona maqsadga qaratilgan qonunning mavjud emasligi mamlakatimizda ham bozor iqtisodiyoti qonuniyatlarining buzilishi, yashirin iqtisodiyotning paydo boʻlishi va rivojlanishiga zamin yaratganligini, bu esa oʻz-oʻzidan keng jamoatchilikda hokimiyatga boʻlgan ishonchning soʻnishi, jamiyatda ijtimoiy-huquqiy qadriyatlarning buzilishi, davlat byudjetining toʻgʻri taqsimlanishi va tasarruf etilishiga olib kelganligini taʼkidladi.
— Shunday sharoitda 2017—2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinib, ilk bor mamlakatning eng yuqori minbaridan jamiyatni “halollik vaksinasi bilan emlash” zaruriyati tan olindi, — dedi F. Hasanov. — Shu asosda mamlakatimizda Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari ishlab chiqilib, korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021–2022-yillarga moʻljallangan Davlat dasturi qabul qilinib, unga koʻra 44 ta chora-tadbir asosida ijro muddatlari, masʼul ijrochilar, ijro mexanizmi aniq belgilab qoʻyildi.
Tadbirda viloyatda joriy yil boshidan buyon korrupsion holatlar tufayli 43,1 milliard soʻm zarar yetkazilib, ushbu mablagʻning 29,2 milliard soʻmi undirilishiga erishilgani, 298 ta korrupsion jinoyatlar roʻyxatga olinib, 157 ta jinoyat ishlari boʻyicha 250 nafarga yaqin shaxsning javobgarlikka tortilganligi ochiqlandi.
Shuningdek, tadbirda korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni yaratishda jamoatchilik, ayniqsa OAV vakillarining ishtirokiga alohida eʼtibor qaratildi.
— Korrupsiyaga qarshi kurashish, uni bartaraf etish davlatning ishi deguvchilar qattiq yanglishadi, — dedi viloyat AOKA boshqarmasi boshligʻi Dilshod Mamarajabov. — Boisi iqtisodiyotni yanada jadal yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirish, mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etishda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi aholining murosasizligi bilan chambarchas bogʻliq. Bunda OAV oʻrnini hech bir manba toʻldira olmaydi.
Tadbirda shu maqsad yoʻlida birlashish, hamjihat va hamfikrlikda faol boʻlish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring