Aksariyat viloyat, tuman va shahar hokimlari masalaning mazmun-mohiyatini hali toʻliq tushunib yetgani yoʻq, ayrimlari esa tushunishni xohlamayapti — Prezident
Foto: president.uz
Prezident raisligida tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Tizimdagi eng katta muammo – shoshilinch yordam bemor uchun eng yaqin tibbiyot muassasasida emas, balki faqatgina oldindan biriktirilgan sanoqli shifoxonalarda koʻrsatilishi qayd etildi.
Misol uchun, Mirzo Ulugʻbek tumani, “Qorasuv-1” mavzesida “oʻtkir bosh-miya jarohati” olgan bemorni, tez yordam brigadasi yoʻlidagi eng yaqin shifoxona – Respublika neyroxirurgiya markaziga emas, balki Chilonzordagi Respublika shoshilinch markaziga olib borishga majbur.
Shu kabi, Fargʻona tumani Mindonobod qishlogʻida viloyat Kardiologiya markazi boʻlsada, ushbu qishloqdagi yurak xurujiga uchragan bemorni tez yordam 15 kilometr yoʻl bosib, Vodilda joylashgan tuman shifoxonasiga olib boradi.
Shu bois, tez tibbiy va shoshilinch yordam tizimini takomillashtirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqildi va barcha hokimlarga yetkazildi.
Lekin, aksariyat viloyat, tuman va shahar hokimlari bu masalaning mazmun-mohiyatini hali toʻliq tushunib yetgani yoʻq, ayrimlari esa tushunishni xohlamayapti, dedi Prezident.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring