Akmal Shukurov ishi boʻyicha qamalgan sobiq sudyalar garov evaziga ozodlikka chiqdi
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudining sobiq sudyalari Muhtarama Turgʻunova, Odilbek Ilhomjonov va Mirziyod Obidov ozodlikka chiqdi. Bu haqda Turgʻunovaning advokatiga tayanib Kun.uz xabar bermoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, apellyatsiya sudi qamoqda saqlash muddatini besh oyga uzaytirish haqidagi qarorni bekor qilgan va ehtiyot chorasini garovga almashtirgan.
Oʻz navbatida, Toshkent shahar sudi raisining sobiq oʻrinbosari Murodjon Mirzajonovga nisbatan qoʻllanilgan qamoq ehtiyot chorasi uzaytirilgan.
Eslatib oʻtamiz, sobiq sudyalar Akmal Shukurovga nisbatan chiqarilgan hukmni oʻzgartirib, 8 yillik qamoq jazosini 4 yillik ozodlikni cheklash jazosiga almashtirishgan va u sud zalidan ozod qilingan edi. Tergov talqiniga koʻra, sudyalarga Murodjon Mirzajonov taʼsir oʻtkazgan.
Jamoatchilik oʻrtasidagi keskin eʼtirozlardan soʻng ish qayta koʻrib chiqildi. Shukurovga 6 yil koloniya jazosi berilib, u tergov hibsxonasiga qaytarildi. Sudyalar esa egallab turgan lavozimlaridan boʻshatilib, ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring