Axsikentdagi arxeologik izlanishlarga sunʼiy intellekt tatbiq etilmoqda
Namangan viloyatidagi Axsikent tarixiy yodgorligida yangi topilmalarning navbatdagi turkumi — nodir munchoqlar, yaxshi saqlangan mis va kumush tangalar, Tan imperiyasi davriga oid chinni buyumlar aniqlandi.
Arxeologlar ularga uch ming yillik tarixga ega koʻhna shahristonda Ochiq osmon osti muzeylari barpo etish uchun transheyalar qazish jarayonida duch keldilar. 1000 — 1200-yil burungi ushbu artefaktlarning ilmiy va moddiy qiymati oʻta yuqori ekanligi taʼkidlanmoqda.
Bu xususda Axsikent arxeologiya parki ilmiy xodimi Shukrullo Nasriddinov shunday izoh beradi:
— Keyingi paytlarda, asosan, XVIII va XI qazuv obyektlarida Qoraxoniylar davriga oid turarjoy binolarining qoldiqlari ochilmoqda. Xom gʻishtdan, yogʻoch sinchlar bilan qurilgan uy joy qoldiqlarining asos qismlari yaxshi saqlangan. Ularning tag qismi pishiq gʻisht bilan qoplangan. Xoʻjalikda ishlatilgan sirli va sirsiz sopol idishlar deyarli butun holatda topilmoqda. Shuningdek, metall buyumlar, mis tanga, taqinchoqlar ham chiqyapti. Munchoqlarning oʻta nafisligi, qimmatbaho toshlar bilan bezangani qadim shaharda shishasozlik, nodir hunarmandchilik rivoj topganini koʻrsatadi.
Shu oʻrinda Namanganda ilmiy safarda boʻlib turgan Xalqaro matematika kongressi aʼzosi, dunyoning eng kuchli oʻn nafar olimi qatoriga kiruvchi, xitoylik akademik Yongbin Ruan tadqiqotlarda yangicha yondashuvni taklif etayotganini taʼkidlab oʻtish lozim.
— Axsikent — Qadimgi Fargʻona davlati bosh shahri poytaxtiga kelganimdan xursandman. Ilmiy-arxeologik izlanishlarga sunʼiy intellekt (AI) tatbiq etishni boshlaganmiz. Bu orqali tarixni chuqur oʻrganish imkoniyati paydo boʻladi. Biror topilma haqida sunʼiy idrok orqali barcha maʼlumotni aniq bilish mumkin, — deydi u.
Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring