Axsikent oʻzbek—koreys doʻstligini mustahkamlamoqda
Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Axsikentning Koreyadagi qadimiy Shilla davlati bilan aloqalari ikki ming yillik tarixga ega. Koʻhna shahar xarobalaridagi arxeologik topilmalar buni isbotlamoqda.
Inshoot va binolarni pol tagidan isitish tizimlari bundan bir yarim ming yil avval Koreyada qoʻllanilgan. Oʻtgan oydagi qazishmalar chogʻida Axsikent arxeologiya parkidagi bir necha obyektlarda ham shunday tizimlar topildi.

— Bugun Axsida koʻhna tarix bilan toʻqnashdik. Bu yerda oʻzbek—koreys aloqalariga oid artefaktlarni koʻrib, hayratlandik, — degandi tashriflarning birida Kyongsan shahri hokimi oʻrinbosari Li Kang Xak. — Tarixni eʼzozlagan millatning kelajagi buyukdir. Axsikent misolida Namanganda amalga oshirilayotgan ishlar biz uchun ham ibrat.

Taʼkidlash lozimki, Axsikentda barpo etilayotgan ochiq osmon ostidagi muzeylar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Ayni paytda Janubiy Koreya mutaxassislari bilan yangi barpo etilayotgan muzeylarni raqamlashtirish boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Koica jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga Yangi Axsi majmuasidagi ilmiy-qoʻlyozmalar markaziga qadimgi kitoblarni saqlash boʻyicha texnik jihozlar olib kelish loyihasi tayyorlanmoqda. Shu paytga qadar Janubiy Koreyadan Axsikentga tashrif buyurgan sayyohlarning soni esa ming nafardan oshib ketdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring