Axborot-kutubxona markaziga 100 million soʻmlik kitob sovgʻa qilindi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. “Oʻzbekiston — kitobxonlar yurti” shiori ostida boʻlib oʻtayotgan V respublika “Kitobxonlik haftaligi”gi Yozyovon tumanida ham oʻziga xos ezgu tashabbuslar bilan boshlandi.
Tuman axborot-kutubxona markazida oʻtkazilgan tantanali tadbirda yozyovonlik yozuvchi-shoirlar, faxriy ijodkorlar, maʼnaviyat sohasi fidoyilari hamda faol kitobxonlar qatnashdi.

Yozyovon tumani hokimi Dilshodjon Jalilov tadbir ishtirokchilarini kitobxonlar bayrami bilan tabrikladi. Oʻzining sevimli kitoblari, xususan, bolalikda maroq bilan oʻqigan Said Ahmadning “Ufq” romani va oʻzbek adabiyotining boshqa noyob durdona asarlari haqida xotiralarni esga oldi.
Kitobxonlik bayrami turli viktorinalar, yosh sanʼatkorlarning chiqishlari bilan yanada fayzli oʻtdi. Axborot-kutubxona markazi tomonidan ishtirokchilarga yangi kitoblar sovgʻa qilindi.

— Haftalik doirasida tuman hokimligi tomonidan markazimizga 100 million soʻmlik kitoblar olib berilishi haqidagi yangilik barchamizni behad sevintirdi, — deydi Yozyovon tumani axborot-kutubxona markazi rahbari Musojon Oxunov. — Darhaqiqat, inson hayotida kitobning oʻrni beqiyos. Kutubxona fondi boyib, yangi adabiyotlar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalardan foydalanish imkoniyati yaxshilanishi yozyovonlik kitobxonlar, bevosita yangi avlod vakillari uchun ayni muddao boʻladi.
Shu bois haftalik doirasida yurtimizning taniqli yozuvchi-shoirlari bilan uchrashuvlar hamda yangi kitoblar taqdimotlarini oʻtkazishni maqsad qilganmiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring