A.Xaitov: Hayotimizda katta ahamiyatga ega hujjat
Shu yil 22-aprel kuni Prezidentimiz muhim tarixiy hujjatga imzo chekdi. “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonda propiska tizimidagi ortiqcha muammolarning yechimi oʻz ifodasini topgan.
Mazkur hujjatga muvofiq, “doimiy propiska qilish” va “turgan joyi boʻyicha hisobga olish” tushunchalari “doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish” va “vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish” tushunchalariga oʻzgartiriladi. Shu bilan birga fuqarolarga birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini oʻzi doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatda boʻlgan manzil bilan bir qatorda egaligida boʻlgan uy-joyga ham doimiy roʻyxatga qoʻyish huquqi beriladi.
Ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu farmon bilan doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga qoʻyish uchun er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti hamda bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda doimiy yashash joyi boʻyicha propiska yoʻqotilishi haqidagi qoidalar chiqarib tashlanadi. Oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga turish imkoniyatiga ega boʻladi.
Mazkur farmonda muhim masalalarning yechimi koʻrsatib oʻtilgani katta amaliy ahamiyatga egadir. Xususan, ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy roʻyxatga ega boʻlgan fuqarolar qaytib kelganda, ular ushbu hududlarda hech qanday qoʻshimcha shartlarsiz qayta doimiy roʻyxatga olinishi mumkin boʻladi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan davlat organlari va tashkilotlarida 5 yil muddat mobaynida uzluksiz mehnat faoliyatini yuritayotgan mutaxassislar (texnik, xizmat koʻrsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) mazkur hududlarda doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinadi.
Yana bir muhim yangilik – 2020-yil 1-apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koʻchmas mulkni olishda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligi talab qilinmaydi. Eʼtiborlisi, 1-sentyabrdan boshlab Toshkentda doimiy va vaqtincha roʻyxatdan oʻtmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kunga oʻzgartiriladi. Umuman olganda, farmonga muvofiq, yana bir qator oʻzgarishlar boʻlmoqda.
Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga roʻyxatga olish uchun shtamp bosish amaliyotidan voz kechiladi va bu raqamlashtiriladi;
Ikkinchidan, soliq idoralarida hisobga olingan ijara shartnomasi taqdim etilganda vaqtincha roʻyxatga olinishda uy-joy egasining roziligi talab etilmaydi;
Uchinchidan, harbiy xizmatga majburlarning doimiy roʻyxatga olishni rasmiylashtirish, roʻyxatdan chiqish idoralararo elektron dastur orqali amalga oshiriladi;
Toʻrtinchidan, yangi tugʻilgan chaqaloqlar FHDYO organining oʻzida tugʻilish haqidagi guvohnoma berish jarayonida otasi yoki onasining yashash manzili boʻyicha doimiy propiska ega boʻladi;
Beshinchidan, doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishni rasmiylashtirish bir kun ichida amalga oshiriladi;
Xulosa shuki, mazkur farmon bilan propiska tizimining isloh etilishi respublikamizning qaysi hududida boʻlmasin, har bir fuqaro propiska olish huquqiga ega boʻladi. Bu esa fuqarolarimizning Konstitutsiyada belgilangan erkinlik va tenglik bilan bogʻliq uzviy huquqlarni yana-da kafolatlash imkonini beradi. Zero, ushbu hujjat bilan xalqimizning buyuk orzusi ushaldi.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring