Ayrim davlat xizmatlari xususiy sektorga oʻtkaziladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-fevraldagi PQ-78-son qaroriga asosan Davlat xizmatlarini soddalashtirish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida 2025-yil 1-iyuldan 11 ta davlat xizmatlari xususiy sektorga oʻtkaziladi. Bu haqida “Adliya yangiliklari” kanalida maʼlum qilindi.
Maʼlumotlarga koʻra, endilikda, rieltorlarning malaka imtihonlarini oʻtkazish va ularga malaka sertifikati berish, baholovchilarning malaka imtihonlarini oʻtkazish va ularga malaka sertifikati berish, sud boshqaruvchisi malaka attestatsiyasini berish, baholovchilarga toifalar berish, gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarga malaka sertifikatini berish hamda tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish xizmatlari jamoat birlashmalari yoki uyushmalar tomonidan koʻrsatiladi.
Shuningdek, hisoblagichlarni qiyoslashdan oʻtkazish, karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish, kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish jarayonini nazorat qilish, yakka tartibdagi uy-joylarning qurilishi hamda rekonstruksiya qilish ishlarini nazoratdan oʻtkazish hamda “M” va “N” toifalardagi gʻildirakli yangi transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini sertifikatlash xizmatlari akkreditatsiyadan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan koʻrsatilishi belgilangan.
“Davlat xizmatlari borgan sari qulay va yaqin boʻlishi uchun islohotlar davom etadi. Barchasi xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va raqobat muhitini yaratishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring