Aholining ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladimi?
Kuz faslining teng yarmini ortda qoldirdik. Ostonada qish! Tabiiyki, qishloq joylarda yashovchi aholi xayolida bir o‘y: “Ko‘mir olishim kerak!”. Chunki, sir emas, qish-qirovli kunlarda elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminotida ro‘y beradigan uzilishlar ko‘pchilikda bu ko‘nikmani hosil qilgan.
“Ko‘mirtaʼminot” masʼuliyati cheklangan jamiyati Andijon viloyat filiali rahbari Bahodir Sultonovning aytishicha, mazkur masalada andijonliklarning tashvishga tushishiga aslo hojat yo‘q.
-Xalqimiz mushkulini yengil qilish uchun avgust oyidanoq harakatni boshlaganmiz, - deydi B. Sultonov. - Hozirda omborlarimizda 99 ming 556 tonna ko‘mir bor. 2021-2022 yillar kuz-qish mavsumida jami 309 ming 476 tonna ko‘mir sarflanishi hisoblab chiqilgan. Shundan 210 ming tonnasi aholi ehtiyojiga yo‘naltiriladi. Shu kungacha 46 ming 213 tonna yonilg‘i tarqatildi. Asaka, Shahrixon, Izboskan, Paxtobod Qo‘rg‘ontepa va Jalaquduq tumanlaridagi omborlarimizda yana 5 ming 384 tonna ko‘mir mavjud.
Xo‘sh, ayni mavzuda aholining fikri qanday bo‘lmoqda?
-Oilamiz kichik, to‘rt kishi bo‘lganimiz uchun bir mavsumda 2 tonna ko‘mir sarflaymiz, - deydi Qo‘rg‘ontepa shahridagi “Savoy” MFYda yashovchi Odinaxon Sotvoldiyeva. –Havo soviy boshlashi bilan tumanimizdagi ko‘mir omboriga keldim. Xarid tartiblari ancha soddalashibdi. Mahalladan maʼlumotnoma bilan fuqarolik pasporti talab qilindi, xolos. Oila aʼzolarining soniga qarab 4 tonnagacha ko‘mir berilyapti. Narxlar ham uncha qimmat emas.
Yonilg‘i taʼminotida hisob-kitoblar baʼzan o‘zini oqlay olmasligi maʼlum. Zotan, qish qanday kelishiyu aholi tomonidan qancha ko‘mir sarf etilishi taxminlarga asoslanadi. Shu bois filial tomonidan “O‘zbekko‘mir” AJ bilan avvalgi yillarga qaraganda 30 tonna ko‘p yonilg‘iga shartnoma tuzildi. Umid qilamizki, bu saʼy-harakatlar ko‘mir taʼminoti masalasida aholi eʼtirozlarining oldini oladi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq so‘zi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring