Aholiga chorvaga ozuqa yetishtirish uchun qoʻshimcha yer maydoni ajratiladi

19:26 14 Avgust 2023 Siyosat
763 0

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yigʻilishida dastlab Prezidentimizning shu yil 10-11-avgust kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiquvchi partiya va uning fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifi chogʻida barcha sohalar qatori aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Albatta, yurtimizda “yashil energetika”ni rivojlantirish, iqtisodiyotga energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha katta ishlar qilinmoqda. Xususan, oʻtgan davrda 430 Megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirildi.

Shu bilan birga, energiya resurslarini tejash tobora dolzarb boʻlib bormoqda. Buning uchun yil yakuniga qadar 3,7 milliard kilovatt soat elektr va 2,4 milliard kub metr gazni iqtisod qilish zarur. Ushbu vazifalar partiya va uning fraksiyasi oldiga ham muhim vazifalarni qoʻyadi. Bu borada fraksiya mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarning huquqiy asoslarini taʼminlashga alohida masʼuliyat bilan yondashib, faollik koʻrsatadi.

Fraksiya yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga dehqon xoʻjaligi yuritish maqsadida beriladigan yerlarning maydonini oshirishga qaratilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Soʻnggi yillarda Orolboʻyi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, aholi bandligini taʼminlash va turmush darajasini oshirish maqsadida kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasining dasturiy maqsad va vazifalarida Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, Orolboʻyi hududida ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash, mahalliylashtirishni taʼminlash, ekologik vaziyatni tiklash va sogʻlomlashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida aholiga chorvaga ozuqa yetishtirish uchun dehqon xoʻjaligi yuritish maqsadida beriladigan yerlarning maydoni amaldagi 2 gektarlik chegaradan 5 gektargacha oshirilishi belgilanmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi hududda chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish, chorva ozuqa bazasini yanada koʻpaytirish, shuningdek, aholining oʻz xonadonlarida chorva mollari boqishni tashkil etish va chorva ozuqa bazasiga boʻlgan talabni qondirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar ushbu qonun loyihasi partiya manfaatlariga toʻla mos kelishini eʼtiborga olib, uni birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qoʻllab-quvvatladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер