Aholi turmush darajasini oshirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi

22:09 30 Mart 2026 Siyosat
250 0

Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi parlament nazorati doirasida Qashqadaryo viloyatining “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman” maqomi berilgan Qamashi va Yakkabogʻ tumanlarida aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun zarur infratuzilmani yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar holatini oʻrgandi.

Oʻrganish natijalari Qoʻmita hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining qoʻshma majlisida atroflicha koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman” maqomi berilgan hududlarni yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan.

Oʻrganish natijalariga koʻra 2025-yilda viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlar oʻsishi kuzatilgan, shuningdek, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish borasida muayyan natijalarga erishilgan.

Xususan, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturining ijrosi doirasida 578 ming kishining bandligi taʼminlangan, 29,6 ming ishsiz aholi kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitilgan. Yil boshidan ishsizlik darajasi 5,9 foizdan 4,9 foizgacha, kambagʻallik darajasi esa 9,6 foizdan 6,5 foizgacha kamaygan. 60 ta mahalla kambagʻallik, va ishsizlikdan xoli hududga aylangan. 53,7 ming oila kambagʻal oilalar reyestridan chiqarilgan.

“Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish”, “Kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash”, “Mahalla loyihasi”, “Biznesga birinchi qadam” dasturlari doirasida 73,2 ming aholi 2,9 trln soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari hisobiga daromadli mehnat bilan band qilingan.

Viloyatdagi jami 46 ta mahallaga, shu jumladan, 14 ta tumanning har biridan 2 tadan mahalla hamda qoʻshimcha ravishda tuman(shahar)lar hokimlari taklifiga koʻra 16 ta va viloyat hokimi tashabbusi bilan 2 ta mahallaga “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomi berilgan.

Ushbu hududlarni kompleks rivojlantirish maqsadida tasdiqlangan “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturiga muvofiq yoʻl infratuzilmasini yaxshilashga 46 mlrd soʻm, elektr taʼminotini yaxshilashga 20,2 mlrd soʻm, ichimlik va oqova suv taʼminoti ishlariga 5,1 mlrd soʻm, sugʻorish tizimini yaxshilashga 17,7 mlrd soʻm, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishga 33,6 mlrd soʻm hamda 22 ta ijtimoiy soha obyektida qurilish-taʼmirlash ishlarini bajarish uchun 16,5 mlrd soʻm ajratilishi rejalashtirilgan.

Dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish natijasida viloyatda 421 ta tadbirkorlik subyekti va 790 ta yangi ish oʻrni tashkil etilishi, 11 ta lot “e-auksion” va 1 044 ta lot “k-savdo” platformalari orqali auksionga chiqarilishi hamda byudjetga qoʻshimcha 8 mlrd soʻm tushum taʼminlanishi maqsad qilingan.

Muhokama jarayonida yoʻl qoʻyilgan kamchilik va muammolarga hamda ishga solinmagan imkoniyatlarga ham toʻxtalib oʻtildi. Xususan, ayrim loyihalarning oʻz vaqtida amalga oshirilmayotgani, mahalla markazi uchun master-rejalarni ishlab chiqish ishlari ortda qolayotgani hamda infratuzilma bilan bogʻliq dolzarb masalalar toʻliq hal etilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Senatorlar belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va aholi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan oʻz tavsiyalarini bildirdi.

Majlis yakunida tegishli qoʻshma qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер