Ahmad Donish qanday qilib Buxoroning qadimiy obidalarini saqlab qolgandi?

15:03 02 Oktyabr 2019 Madaniyat
5553 0

Buxoro shahrining xalq tilida “Vokzal” deb ataluvchi hududi bor.Yaqin – yaqinga qadar bu yerda temir yoʻlni koʻrish mumkin edi.”Vokzal” nomi shundan qolgan.Lekin gap hozir temir yoʻlning nega aynan shu nuqtaga kelib toʻxtab qolgani toʻgʻrisida.

-Yoshligimizda keksalar bizga Buxoro bilan bogʻliq juda koʻp voqealarni soʻzlab berishardi,- deydi uzoq yillar “Buxoro” davlat muzey – qoʻriqxonasida ishlagan mehnat faxriysi Bahodir Nasimov.- Ana shunday insonlardan biri, 105 yoshga kirib qazo qilgan Jalol boboning hikoyalari hech esimdan chiqmaydi.

Jalol boboning soʻzlariga qaraganda, chor Rossiyasi Kogondan Buxoro shahri orqali Chorjoʻyga qadar temir yoʻl oʻtkazmoqchi boʻladi.1884-yilda qurilajak temir yoʻl tarxi ham chiziladi va Buxoroning oʻsha paytdagi hukmdori Amir Nasulloga taqdim etiladi.Amir esa Ahmad Donishdan maslahat soʻraydi. Oʻz davrining zukko insonlaridan biri sanalgan Ahmad Donish hujjat bilan tanishib, hukmdorga “Mabodo, ish shu tarx asosida amalga oshsa, koʻplab qadimiy obidalarimizga ziyon – zahmat yetadi.Bu biz uchun maqbul tarx emas”, deya fikrini roʻy – rost bildiradi.Bu gapdan chuqur oʻyga tolgan amir “Unda Kogondan Chorjoʻyga qadar quriladigan temir yoʻlning tarxini oʻzingiz chizasiz.Toki ortiqcha sarf – xarajatga qolmaylik” deb Donishning zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.Nafaqat, astronomiya, musiqa, tarix, adabiyot, falsafa, balki geometriya, matematika sohalaridan ham chuqur bilimga ega boʻlgan Ahmad Donish shu tariqa yangi tarx chizadi.Unda temir yoʻlning qadimiy Buxoro shahrini chetlab oʻtishi koʻzda tutilgan edi.Pirovardida temir yoʻl Donish loyihasi asosida bunyod etiladi.

-Mabodo, ajnabiy mutaxassislar tarxi asosida qurilganida edi, bu yoʻl qadimiy shaharning koʻplab tarixiy yodgorliklari, jumladan, Govkushon madrasasi, Qoʻshmadrasa, Noʻgʻay karvonsaroyi, birinchi savdo toqi quyisidagi qadimiy hammom va boshqa inshootlarning buzib tashlanishiga sababchi boʻlardi,-deydi B. Nasimov.- Necha ming yillik tarixga ega shahrimiz ajdodlar aqlu zakovati bilan yaratilgan merosning bir qismidan ayrilardi.Buni Ahmad Donish yaxshi anglagan. Shu yurtning bir fidoyisi, zukko kishisi sifatida tarixiy yodgorliklarni asrab qolgan.Ahmad Donishga oid maʼlumotlar izlab topilsa, asarlari chuqur oʻrganilsa, u qoldirgan meros xalqimizga xolisona yetkazilsa juda yaxshi boʻlardi. 

Shu oʻrinda Ahmad Donish haqida bir necha maʼlumot.U 1827-yilda Buxoroda tugʻilgan.Bolaligidayoq Qurʼoni Karimni yod olgan.Sheʼriyat va tasviriy sanʼatga ixlos qoʻygan.Arab tilini mukammal oʻrgangan.”Donish” (“bilim” maʼnosini beradi) taxallusi bilan sheʼrlar yozgan.Olis yurtlarga qilingan sayohat uning bilimini oshirgan, dunyoqarashini kengaytirgan.Mangʻitlar saltanati tarixiga oid asar bitgan.

-Ahmad Donishning ayniqsa, “Navodir – ul – vaqoye” asari mashhur, - deydi Ark oʻlkashunoslik muzeyi rahbari Bobur Qobilov.-1880-yilda yozilgan bu asarning qoralanma va asl nusxasi Buxoro davlat muzey – qoʻriqxonasida saqlanmoqda.Bundan tashqari, shaxsiy kolleksiyalarda ham qomusiy bilim egasi sanalgan Ahmad Donishga taaluqli ashyolar uchraydi.Masalan, xattot Abdulgʻaffor Razzoqovning kolleksiyasida uning astronomik taqvimi va oʻz qoʻli bilan chizgan butagul surati saqlanmoqda.

Muzey – qoʻriqxona jamoasi shu kabi nodir kitoblar, qoʻlyozma, suratlar va boshqa ashyolarni toʻplab, Ahmad Donish hayoti hamda ijodiga oid koʻrgazma tashkil etdi.Uni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijiy sayyohlar ham katta qiziqish bilan tomosha qilishayotganiga shohid boʻldik.

Bu oʻz yurtini sevgan,jondan aziz bilgan, fidoyi, maʼrifatparvar ajdodlarimiz nomi xalqimiz yodida ekani ifodasidir.

Istam IBROHIMOV,

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер