Afg‘onistonda “Tinchlik karvoni” paydo bo‘ldi
Afg‘on fuqarolari faollaridan tashkil topgan “Tinchlik karvoni” Gilmend muzofotidan Kobul shahrigacha piyoda ketib keldi.
Ular 700 kilometrlik masofani 38 kunda bosib o‘tdi. “Tinchlik karvoni”ning asosiy maqsadi to‘qnashuvlar ishtirokchilaridan tashqari tinch aholi vakillari o‘limiga ham sabab bo‘layotgan hukumat va "Tolibon" harakati o‘rtasidagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga erishishdir.
Tolonewsning yozishicha, karvon ishtirokchilari mamlakat hukumatiga Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha o‘z rejalarini taqdim etmoqchi. Ular "Tolibon" bilan yarashuv sulhi muddatini uzaytirish, hukumat va toliblar o‘rtasidagi “yo‘l xaritasi” bo‘yicha kelishuvga erishish, shuningdek, boshqa davlatlar harbiylarini mamlakat hududidan chiqib ketishi masalalarini o‘z ichiga oladi.
Sakkiz nafar fuqarodan iborat “Tinchlik karvoni” dastlab Gilmend muzofoti Lashkargoh shahridan shu yil 17 may kuni Kobul qarab yo‘lga chiqishdi. Poytaxtga yaqinlashishgan sari ularning safiga o‘nlab yangi odamlar qo‘shildi. Ularning eng yoshi 17da, keksasi 65da. Barchasi erkaklar. Bellaridagi moviy rangli belbog‘ tinchlikparvarlarni ajratib turuvchi belgisiga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani Tolibon bilan bir tomonlama tuzilgan sulh yana 10 kunga uzaytirilishini e’lon qilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring