Adolatning hamisha qaddi tik boʻladi

15:47 24 Oktyabr 2022 Jamiyat
529 0

Foto: Illustrativ surat

Ibn Sino nomidagi Navoiy tibbiyot texnikumida moliya va bandlik boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvda taʼlim dargohining oʻquv boʻlimi uslubchisi Sanobar Rahmonovaga 2021-yilning mart oyidan 2022-yilning aprel oyigacha berilgan ish haqi noqonuniy deb topilib, toʻlangan 5 million 226 ming soʻm pulni texnikum hisobiga qaytarishi belgilangan.

Bundan norozi boʻlgan Sanobar Rahmonova mehnat munosabatlaridagi haq-huquqini tiklash uchun Navoiy shahar adliya boʻlimiga murojaat qildi.

— Navoiy shahar adliya boʻlimi huquqshunoslari mazkur murojaat yuzasidan Ibn Sino nomidagi tibbiyot texnikumida boʻlib, ish yurituvidagi holatni oʻrgandilar, — deya izoh beradi Navoiy shahar adliya boʻlimi bosh maslahatchisi Shirinbek Ochilov. — Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 279-moddasida ish beruvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda toʻlangan, shu jumladan, qonunni notoʻgʻri qoʻllanishi oqibatida toʻlangan ortiqcha ish haqi qayta undirib olinishi mumkin emasligi belgilangan. Shunga koʻra texnikum maʼmuriyatiga xodimi Sanobar Raxmonovaga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 279-moddasi talablariga zid ravishda qarorlar qabul qilgani uchun taqdimnoma kiritildi.

Sanobar Raxmonovadan ikki oyda ushlab qolingan 1 million 810 ming soʻm puli adliya koʻmagi bilan murojaatchining hisob kartasiga qaytarildi. Shuningdek, adliya koʻmagi bilan u endi 5 million 226 ming soʻm pulni texnikum hisobiga qaytarmaydi.

Bir soʻz bilan aytganda, fuqaroning manfaati ustuvorligi taʼminlandi. Biroq ushbu holatda adolat chaladek tuyuladi, nazarimizda. Yaʼni, modomiki, Sanobar Rahmonovaga 5 million 226 ming soʻm noqonuniy ish haqi toʻlangan ekan, bu qonun buzilishga yoʻl qoʻyganlarga nisbatan chora koʻrilishi, mabodo moliya va bandlik boshqarmalari tekshiruvchilari notoʻgʻri xulosa taqdim etishgan boʻlsa, ular jazolanishi kerak emasmi? Mutasaddilar Navoiy shahar adliya boʻlimi taqdimnomasidan soʻng masalaning shu tomoniga ham eʼtibor qaratishgan boʻlsa, ajab emas.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер