Adliya aralashuvi bilan tadbirkorning murojaati ijobiy hal boʻldi
Yangiyer shahridagi “Imkon Avto Logistik” MCHJ hamda Mirzaobod tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi oʻrtasida 2022-yil 1-aprelda transport va mexanizm xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzilgan boʻlib, masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 32.602.676 soʻmlik xizmatlar toʻliq koʻrsatilgan.
Biroq, Mirzaobod tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmay, koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlov amalga oshirilmagan.
Yangiyer shahar adliya boʻlimiga MCHJ rahbari tomonidan yoʻllangan ushbu mazmundagi murojaat qonunchilik talablari asosida oʻrganildi.
Maʼlum boʻlishicha, masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Mirzaobod tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasiga 32.602.676 soʻmlik qarzdorlikni soʻndirish boʻyicha bir necha marotaba talabnoma va xatlar bilan murojaat qilingan, biroq natija boʻlmagan. Ushbu qarzdordik solishtirma dalolatnoma orqali ham oʻz isbotini topgan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning tegishli bandida kechiktirilgan toʻlovlar uchun har bir kun uchun 0,1 foiz miqdorida jarima toʻlash lozimligi koʻrsatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi FKning 242-moddasiga binoan, agar majburiyatni bajarish muddati koʻrsatilmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilab qoʻyilgan boʻlsa, kreditor har qachon ijroni talab qilishga, qarzdor esa ijroni har qachon amalga oshirishga haqli boʻladi. Majburiyatni darhol bajarish vazifasi qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa qarzdor bunday majburiyatni kreditor talab qilgan kundan boshlab yetti kunlik muddat ichida bajarishi shart.
Yuqoridagilarga asosan Yangiyer shahar adliya boʻlimi tomonidan “Imkon Avto Logistik” MCHJ manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Natijada sudning hal qiluv qarori bilan Mirzaobod tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi hisobidan “Imkon Avto Logistik” MCHJ foydasiga 32.602.676 soʻm asosiy qarz va 5.000.000 soʻm har bir kechikkan kun uchun penya, shuningdek, respublika byudjetiga 852.881,84 soʻm davlat boji undirilishi belgilandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring